Bosh sahifa / Yosh nihollarning katta sport bayrami

Yosh nihollarning katta sport bayrami

2

Mamlakatimizda “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining final bosqichi yoshlik va sport bayrami sifatida katta shodiyonalar bilan o‘tkazilmoqda
Andijon viloyati. Andijon shahrining Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i amfiteatrida “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining final bosqichi g‘oliblarini taqdirlash tadbiri yoshlik va sport bayrami sifatida keng nishonlandi.
Prezidentimiz rahnamoligida sport, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotir. Bunda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 2003-2014-yillarda viloyatda 163 sport inshooti va suzish havzasi barpo etildi. Tuman va shaharlarda tashkil etilgan 4 mingdan ortiq sport seksiyasida 166 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz sportning o‘ttizdan ortiq turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda.
2012-2014-yillarda 15 mingdan ziyod andijonlik yosh sportchi mamlakat va xalqaro miqyosdagi turli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, 1 ming 678 oltin, 1 ming 494 kumush, 1 ming 638 bronza, jami 4 ming 810 medalni qo‘lga kiritgani bolalar sportiga berilayotgan e’tiborning amaldagi samarasidir.
– Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi viloyatimizda ham o‘quvchi-yoshlarning o‘zlari qiziqqan sport turi bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan, – deydi Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Gulhayo Omonova. – Buning samarasida yoshlarimiz nafaqat mamlakat chempionatlari, balki xalqaro musobaqalarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimiz dovrug‘ini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
“Umid nihollari – 2015” musobaqalari sportning 17 turi bo‘yicha o‘tkazildi. Bu yil musobaqa dasturiga qo‘shimcha og‘ir atletika, boks, dzyudo, taekvondo (WTF), erkin va yunon-rum kurashi kabi qator sport turlari kiritilgani o‘g‘il-qizlarning jismoniy chiniqishi va ushbu sport turlari bo‘yicha mahoratini oshirishiga keng imkoniyat yaratdi. Musobaqaning quyi saralash bosqichida 160 mingdan ortiq o‘quvchi ishtirok etdi. Musobaqalarda o‘z tengqurlaridan har tomonlama ustunligini ko‘rsatgan o‘quvchilar “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining yakuniy bosqichida qatnashdi.
– Jamoamiz ko‘plab musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda, – deydi Buloqboshi tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi voleybol jamoasi a’zosi Oyatullo Olimov. – O‘tgan yili Sirdaryo viloyatida bolalar va o‘smirlar sport maktablari o‘rtasida o‘tkazilgan respublika birinchiligida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsak, joriy yilda Xorazmda bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi mamlakat chempionatida 2-o‘ringa sazovor bo‘ldik. Bunda biz, yoshlar uchun yaratib berilayotgan zamonaviy sharoit va keng imkoniyatlar muhim omil bo‘lmoqda.
Musobaqaning final bosqichida Andijon shahri vakillari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinni Asaka va Jalaquduq tumanlari yosh sportchilari egalladi.
Viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov Andijon shahri jamoasiga Prezidentimiz sovg‘asi – “Damas” avtomashinasini topshirdi.
– Qizim Gulbahor bolaligidan o‘zi tahsil olayotgan Oltinko‘l tumanidagi 9-umumta’lim maktabida qo‘l to‘pi seksiyasiga qatnaydi, – deydi Dilorom Otaqo‘ziyeva. – Qishloq maktabi bo‘lsa-da, sport bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoit yaratilgani tufayli farzandlarimiz o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarmoqda. Mana, qizim ishtirok etadigan jamoa “Umid nihollari” o‘yinlari final bosqichida g‘olib bo‘ldi.
Yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, badiiy jamoalar, yosh ijrochilar, estrada xonandalari tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur barchaga ko‘tarinki kayfiyat, xushnudlik baxsh etdi.
* * *
3.JPG
Samarqand viloyati. Samarqand shahridagi “Mo‘jiza” amfiteatrida “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalari g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan yoshlik va sport bayrami bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli sport o‘yinlari – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari yurtimizdagi ta’lim muassasalari o‘quvchi va talaba yoshlarini sportga keng jalb etish, ular orasidan mahoratli sportchilarni aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Bu yilgi musobaqalarga ham viloyat yoshlari puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Barcha shahar, tumanlardan iqtidorli o‘quvchi-yoshlarni saralash va terma jamoalarni shakllantirish maqsadida sportning 17 turi bo‘yicha yuqori malakali murabbiylar tayinlandi. O‘quvchilar o‘rtasida turli sport musobaqalari tashkil etildi. Bunda maktablardagi sport zallari bilan birga, keyingi yillarda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan bunyod etilgan 200 dan ziyod sport majmuasidan samarali foydalanildi.
2014-yil sentabr-oktabr oylarida 420 mingga yaqin o‘quvchi, jumladan, 184 ming nafar qiz jalb etilgan holda “Umid nihollari”ning dastlabki bosqichi o‘tkazildi. Ikkinchi – tuman va shahar bosqichida 119 mingdan ortiq o‘quvchi orasidan eng kuchli va epchil sportchi yoshlar viloyat bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
“Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining qiziqarli va keskin kurashlar ostida o‘tgan final bosqichida Samarqand shahri jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Bulung‘ur tumani o‘quvchilari ikkinchi o‘rinni band etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Jomboy va Samarqand tumani sportchi yoshlariga nasib etdi.
Viloyat hokimi Z.Mirzayev Samarqand shahri jamoasiga Prezidentimiz sovg‘asi – “Damas” avtomashinasini topshirdi.
G‘olib va sovrindorlar musobaqa tashkilotchilari tomonidan munosib taqdirlandi.
– Shu paytga qadar bir necha bor mamlakat va xalqaro musobaqalarda qatnashganman, – deydi Samarqand shahridagi 42-umumta’lim maktabi o‘quvchisi, sport gimnastikasi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Sanjar Hakimov. – “Umid nihollari”da qatnashib, birinchi o‘rinni egallaganim eng katta yutuqlarimdan biri bo‘ldi. Bu Osiyo va jahon chempionatlari sari qo‘yilgan muhim qadam, deb hisoblayman.
Bulung‘ur tumanidagi 5-umumta’lim maktabi o‘quvchi qizlaridan iborat gandbol jamoasi murabbiy Abdurahim Boboqulov boshchiligida ko‘plab musobaqalarda muvaffaqiyat qozongan. Yaqinda ular 1999-2000-yillarda tug‘ilgan qizlar o‘rtasidagi mamlakat chempionatida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Jamoa a’zolaridan 5 nafari mamlakat terma jamoasi tarkibida o‘ynaydi. Qizlar “Umid nihollari – 2015”da ham muvaffaqiyatli qatnashib, Bulung‘ur tumani o‘quvchilarining sovrindorlar qatoridan joy olishiga munosib hissa qo‘shdi.
– Bu yurtimizda biz, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishimiz uchun yaratilgan sharoit va keng imkoniyatlar samarasi, – deydi jamoa sardori Umida Xudoyqulova. – Jumladan, bizning maktabimizda ham sport zali va sport maydonchalari, zarur jihozlar mavjud. O‘quvchilar o‘zlari istagan sport to‘garagiga qatnashib, mahoratini oshiradi. Kelgusida xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini himoya qilib, bayrog‘imizni baland ko‘tarishga va’da beramiz.
Sport bayramida samarqandlik jahon va qit’a chempionlari, xalqaro musobaqalar g‘oliblarining ko‘rgazmali chiqishlari, badiiy jamoalar, taniqli san’atkor va yosh xonandalarning konsert dasturi namoyish etildi.
* * *
6.JPG
Sirdaryo viloyati. Guliston shahrida “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining final bosqichi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yurtimizni dunyoga tanitadigan sportchilarning yetishib chiqishiga mustahkam poydevor vazifasini o‘tamoqda. Buni “Umid nihollari” musobaqalarida qatnashayotgan yoshlar safi kengayib borayotganida ham ko‘rish mumkin. “Umid nihollari – 2015” musobaqalarining shahar, tuman va viloyat bosqichlarida 71 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz ishtirok etdi.
Bugungi kunda xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatga erishayotgan taniqli sportchilarning aksariyati “Umid nihollari” sport musobaqalarida chiniqqan yoshlardir. Ana shunday musobaqalarda toblangan boyovutlik Sarvinoz Qurbonboyeva shaxmat bo‘yicha o‘n olti karra mamlakat chempioni, Osiyo va xalqaro musobaqalar g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Katta sportdagi ilk qadamini “Umid nihollari” musobaqalarida boshlagan Safina Sa’dullaeva bir necha kun oldin Qatarda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida balandlikka sakrash bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligini yana bir bor isbotladi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
– Men 2009-yilda Gulistonda bo‘lib o‘tgan “Umid nihollari” musobaqasini yaxshi eslayman, – deydi shaxmat bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi Sarvinoz Qurbonboyeva. – O‘shanda “kichik olimpiada” mash’alasini yoqishda qatnashgan edim. Katta sportdagi muvaffaqiyatimda mazkur musobaqaning o‘rni beqiyos bo‘lgan. Bugun ushbu tantanada ishtirok etayotgan yosh sportchilarning intilishlari, yutuqlarida o‘zimning katta sportda tashlagan ilk qadamlarim, bolalik orzularimni ko‘rmoqdaman.
Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgandan buyon Sirdaryo viloyatida 75 zamonaviy sport inshooti barpo etildi va zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Bugungi kunda ushbu sport inshootlarida 30 mingdan ziyod yoshlar sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam shug‘ullanmoqda. Bu yoshlarning 11 ming 742 nafari qizlardir.
Viloyat hokimi O.Ashurmatov musobaqada birinchi o‘rinni egallagan Sirdaryo tumani jamoasiga Prezidentimiz sovg‘asi – “Damas” avtomashinasini topshirdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Mirzaobod hamda Xovos tumanlari jamoalariga nasib etdi.
Tadbirda bir qator iqtidorli yosh sportchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Yoshlik va sport bayramida ishtirok etgan ota-onalar, jamoatchilik vakillari g‘olib va sovrindorlarni, ularning ustoz va murabbiylarini tabriklab, davlatimiz rahbari tomonidan bolalar sportiga qaratilayotgan e’tibordan mamnun ekanliklarini bildirdi.
– Yurtboshimizning alohida g‘amxo‘rligi tufayli farzandlarimiz barkamol voyaga yetmoqda, – deydi Guliston shahrida yashovchi Gulnora Isoboyeva. – Mahallamizdagi 8-umumta’lim maktabida ham o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Shu maktabning 9-sinfida o‘qiyotgan o‘g‘lim Feruz maktabda tashkil etilgan sport to‘garagiga muntazam qatnab, sog‘lom voyaga yetayotir. U “Umid nihollari – 2015” musobaqalarida sportning suzish turi bo‘yicha g‘olib chiqdi. O‘g‘limning bu yutug‘idan quvonchim cheksiz.
Yoshlik va sport bayrami yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, san’atkorlarning konserti bilan yakunlandi.

O‘zA

Muallif Abbos Mirzo

Abbos Mirzo
Sayt haqida fikr va mulohazalaringizni qayta aloqa formasi orqali kutib qolamiz!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*