Bosh sahifa / Tarix va kelajak mujassam

Tarix va kelajak mujassam

Tarix va kelajak mujassamPrezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda muzeylar faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Tariximizni o‘rganish, keng targ‘ib etish yosh avlodning ma’naviyatini yuksaltirish, ajdodlarimiz merosidan faxrlanish, mustaqillik g‘oyalariga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini kuchaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan yuzlab muzeylarda milliy madaniyatimiz, tarix va san’atimiz, xalqimizning qadimiy an’ana va qadriyatlari bilan tanishish mumkin. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Toshkent politexnika muzeyi ulardan biridir. Bu yerda transport tarixi, ilm-fan va texnika taraqqiyoti, buyuk olimlar ixtirolari va interfaol eksponatlar namoyish etilgan.

«O‘zavtosanoat» kompaniyasi binosida joylashgan muzey ekspozitsiyasida Asaka zavodida ishlab chiqarilgan ilk avtomobillar, yerga ishlov berish uchun mo‘ljallangan qadimgi mehnat qurollari, dehqonlarimiz og‘irini yengil qilayotgan zamonaviy texnikalarni ko‘rish, O‘zbekistonda dastlabki tramvay, avtobus va trolleybus qachon paydo bo‘lgani haqida ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.

Bundan tashqari, bu yerda tashkil etilgan noan’anaviy interfaol amaliyot bo‘limi o‘ziga xos o‘quv kompleksi bo‘lib, muzeyni tomosha qilish uchun kelganlar, ayniqsa, yoshlarga ilm-fan va texnika olamiga sayohat qilish, matematika, fizika, astronomiya bo‘yicha bilimini yanada boyitishga yordam beradi.

Ushbu muzeyni tashkil qilishda ko‘plab korxona va idoralar ishtirok etgan. Ayrim avtomobillar maketi Turin politexnika universiteti talabalari tomonidan tayyorlangan.

– Asosiy vazifamiz yoshlarda Vatanimizning boy madaniy-tarixiy merosi va zamonaviy yutuqlarini o‘rganishga qiziqishni oshirishdir, – deydi muzey xodimi Tamara Yoqubova. – Bu borada turli mahorat saboqlari, jumladan, robot texnika, dasturlash bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz.

Muxtasar aytganda, muzey ekspozitsiyasi barchada katta qiziqish uyg‘otadi.

Muallif Abbos Mirzo

Abbos Mirzo
Sayt haqida fikr va mulohazalaringizni qayta aloqa formasi orqali kutib qolamiz!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*