FARG‘ONA YOSHLARGA QUCHOQ OCHMOQDA

FARGONAInson tabiati shunday: qilgan ezgu ishi uchun hamisha rag‘bat kutib yashaydi. Bugun ne baxtki istiqlol yoshlari ana shunday cheksiz rag‘batlar, qulay shart-sharoitlar og‘ushida kamolga etmoqda. Bu esa ularni yuksak marralarga, havasga munosib yutuqlarga boshlamoqda. Yana sanoqli kunlardan so‘ng biz orziqib kutilayotgan nafosat va do‘stlik bayrami – Universiada – 2016 sport musobaqalariga guvoh bo‘lamiz.Aytish joiz, uch bosqichli sport musobaqalari ham bugun o‘g‘il-qizlar uchun katta rag‘bat, muvaffaqiyatlar omili bo‘lib xizmat qilmoqda. Ko‘rkam va hamisha navqiron Farg‘ona ayni kunlarda oqshomlar og‘ushida yanada go‘zal qiyofa kasb etyapti. Rang-barang chiroqlar jilosi, engil xilpirayotgan bayroqlar shaharga o‘zgacha ruh, o‘zgacha tarovat baxsh etgan. Farg‘onada ilk bor o‘tkazilayotgan yoshlik, barkamollik, nafosat va birdamlik bayramining madaniy dasturlariga taraddud yanada qiziqarli tus oldi.

Aslida sport bilan san’at bir-biriga juda yaqin sohalardir. Xususan, xalq og‘zaki ijodining noyob namunalarida ham do‘stlik va birodarlik, sport va sog‘lom turmush tarzi, Vatanga mehr-muhabbat tuyg‘ulari o‘z ifodasini topgan. Ming yillardan buyon xalqimiz e’zozlab kelayotgan “Alpomish” dostonida ham sportning kurash, chavandozlik singari turlari mardlik va jasorat, vafo va sadoqat bilan uyg‘un holda kuylangani buning yaqqol dalilidir. 2400 nafar ishtirokchilar ayni vaqtda sport bayramining ochilish va yopilish marosimlariga tayyorgarlikni jadal davom ettirmoqdalar. Taniqli san’at arbobi, rejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Rustam Shamsuddinov boshchiligidagi jamoa umumiy sahnalarni tashkil etish, bayram kayfiyatini keng pafoslarda, tantanavor musiqalar bilan shakllantirishga astoydil kirishganlar. Rejissorlar Marat Hasanov, Hasan Alimov, Viktoriya Dobrotvorskaya, Shagi Ahmedova, Sagigulla Bekdullayev, Fotima Rahmonova, Ra’no Nurmatova, Diyora O‘lmasovalar ham tayyorgarlik ishlarining puxta borishida qattiq mehnat qilmoqdalar.

– Biz bayram qatnashchilariga haqiqiy sport tantanasi shukuhi va zavqini ulashish niyatidamiz – deydi rejissyor yordamchisi, ishchi guruh a’zosi Shahnoza Mirzayeva. – Estradamizning taniqli yulduzlari ishtirokidagi tadbir dasturiga rang-barang raqslarni ham kiritdik. Ayniqsa, umumiy ko‘rinishdagi chiqishlar hech kimni befarq qoldirmaydi, deb o‘ylayman. Chunki umumxalq tantanalaridan farqli ravishda yangi bir ko‘rinishlarni tashkil qildik. Ushbu raqslarni sahnalashtirishda baletmeyster Charos Jo‘raboyeva, Ravshan Abdullayevlarning xizmati katta bo‘lyapti.

Bayram ishtirokchilari orasida hozirda Toshkent xoreografiya oliy maktabi, Farg‘ona politexnika instituti, Farg‘ona davlat universiteti, Farg‘ona san’at kollejining iqtidorli qizlari ham bor. Muhtasham “Istiqlol” o‘yingohida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan tadbirda Toshkent shahridan tashrif buyurgan “Tumor” ansambli, Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Hurliman” xalq ansambli, Andijon va Namangan viloyatlari badiiy dastalari, viloyatimizdan esa Neftchi madaniyat saroyining “Asr”, viloyat rus drama teatrining “Favora” guruhlarining chiqishlari namoyish etiladi.

Sport bo‘yicha badiiy chiqishlarga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Bu haqida bizga taniqli polvon Tursunali Muhammad (Mamajonov) quyidagicha ma’lumot berdi:

– Mazkur bayramning o‘ziga xos jihatlari ko‘p. Ilk marotaba milliy dorbozlik, polvonlik, tosh ko‘tarish o‘yinlarini zamonaviy sport o‘yinlari bilan uyg‘unlashtirgan holda namoyish etmoqchimiz. Buning uchun viloyatimizning Quva sport maktabidan eng mahoratli akrobatchi yigitlarni jalb etdik. Xalq o‘yinlaridan “yengish” tomoshasini ham olib kirdik. Raqibni yiqitish deb nomlangan mazkur xalq o‘yini aslida ot ustida bajariladi. Buni yigitlar bilan birgalikda mahorat bilan ko‘rsatib bermoqchimiz.

Yirik sport anjumaniga taraddud jarayonini kuzatib kishida zavq uyg‘onishi tabiiy. Mehmondo‘st Farg‘ona ana shunday shukuh bilan quchoq ochib yoshlarni kutyapti. Mehmonlarimiz bu tadbir va musobaqalar, sayr-u sayohatlardan ko‘tarinki zavq va taassurotlar bilan qaytishlariga shubha yo‘q.

Muallif Abbos Mirzo

Abbos Mirzo
Sayt haqida fikr va mulohazalaringizni qayta aloqa formasi orqali kutib qolamiz!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*