Bosh sahifa / Jajji malikalarning katta g‘alabalari

Jajji malikalarning katta g‘alabalari

Jajji malikalarning katta g‘alabalariItaliyaning Latina shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda mamlakatimiz sportchi qizlari muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlarini Toshkent xalqaro aeroportida keng sport jamoatchiligi vakillari, sport ishqibozlari, sportchi-qizlarning oila a’zolari, ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib oldi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib voyaga yetkazishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda qizlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining yuksak samaralarini berayotir.

Italiyada o‘tgan nufuzli turnirda Ispaniya, Kanada, Kipr, Misr, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarning eng iqtidorli gimnastikachilari bilan raqobatlashgan sportchilarimiz 5 oltin, 2 kumush, 5 bronza medalni qo‘lga kiritdi.

2009-yilda tug‘ilgan qizlar o‘rtasidagi bahslarda Lola Jo‘rayeva predmetsiz va arg‘amchi yordamida mashq bajarishda eng yuqori natija ko‘rsatib, ikkita oltin medalga sazovor bo‘ldi.

– Uch yildan beri badiiy gimnastika bilan shug‘ullanaman, – deydi Lola. – Musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritganimdan xursandman. Kelajakda jahon va Olimpiada chempioni bo‘lish – eng katta orzuim.

– Qizim Lolaning xalqaro musobaqalarda o‘z iste’dodini namoyon etayotgani mamlakatimizda yosh sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasidir, – deydi Nargiza Jo‘rayeva. – Biz ham yoshligimizda sport bilan shug‘ullanganmiz. Lekin u paytlar bugungidek keng sharoit va imkoniyatlar yo‘q edi.

O‘z yosh toifasida Ilona Ten bir oltin va ikki bronza, Madina Rustamova bittadan oltin va bronza, Malika To‘raxo‘jayeva bitta oltin, So‘g‘diyona Jo‘rayeva ikkita kumush va Amina Zokirova ikkita bronza medalni qo‘lga kiritdi.

– Qizlarimiz Italiyadagi turnirda mahorat va iste’dod bobida hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo‘lmasligini isbotlaganidan faxrlanaman, – deydi murabbiya Inara Sattorova. – Bularning barchasi mamlakatimizda badiiy gimnastikani jadal rivojlantirish, sportchilarning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik tufaylidir.

Bayram Aytmurodov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA

Muallif Abbos Mirzo

Abbos Mirzo
Sayt haqida fikr va mulohazalaringizni qayta aloqa formasi orqali kutib qolamiz!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*