Bosh sahifa / XALQ SHOIRIGA EHTIROM VA E’ZOZ

XALQ SHOIRIGA EHTIROM VA E’ZOZ

O’zbekiston Qahramoni, O’zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligi viloyatimizda katta tantana sifatida nishonlandi.

Viloyat Teatr-kontsert saroyiga poytaxtdan kelgan mehmonlar, shoir-yozuvchilar, ziyolilar, muxlislar, keng jamoatchilik vakillari jam bo’lishdi.

Adabiy-badiiy kecha avvalida professional rassomlar, badiiy havaskorlar, o’quvchilar o’rtasida o’tkazilgan tanlovlarning g’oliblarini taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Shoir siymosini mahorat bilan tasvirlagan rassomlar va barkamol avlod vakillarining ehtirom bilan yozgan insholari alohida e’tirof etildi.

– Farg’ona asl iste’dodlar maskani, – deydi O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi Sharifa Salimova. – Mahoratli rassomlar va yosh havaskorlar tomonidan tasvirlagan Erkin Vohidov portretlari, shoir asarlariga ishlangan suratlarni ko’rib bunga yana bir bor amin bo’lyapmiz.

Adabiy-badiiy kecha O’zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov ijodi va faoliyati haqidagi videolavha namoyishi bilan boshlandi.

Viloyat hokimi Shuhrat G’aniev adabiyotimiz rivojiga durdona asarlari bilan hissa qo’shgan Farg’ona farzandining hayot yo’li, ijodining ahamiyati haqida gapirib, o’zbek she’riyatining yangilanishida shoirning alohida o’rni borligini ta’kidladi.

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O’zbekiston xalq yozuvchisi Muhammmad Ali, adabiyotshunos olim Umarali Normatov, O’zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo shoir ijodi haqida so’z yuritishdi.

– Erkin Vohidovning she’riy to’plamlari, “Ruhlar isyoni” kabi dostonlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilganman, – deydi shoir Sharafiddin Ayazmatov. – Bugun shoirning yangi to’plamini nashrga tayyorlab qo’ydik va shu kunlarda qoraqalpoq xalqi noyob iste’dodning yangi qirralariga ham guvoh bo’ladi.

Shoirning turmush o’rtog’i Gulchehra Vohidova Farg’ona ahliga o’z tashakkurini izhor etdi.

Viloyat musiqali drama teatri artistlari tomonidan “Oltin devor” komediyasidan parcha namoyish etildi, taniqli san’atkorlar atoqli shoir she’rlariga bastalangan qo’shiqlarni kuyladilar.

Farg’ona Davlat universitetida “Erkin Vohidov ijodining hayotimizdagi o’rni va ahamiyati” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman shoirning Vatanga, Istiqlolga muhabbati, Mustaqillik adabiyotining jonkuyari sifatidagi amalga oshirgan ezgu ishlari hamda uning ona tilimiz rivojidagi xizmatlarini to’laqonli ifodalab berdi.

Anjumanda FarDU rektori, Alisher Xaitbaev ishtirokchilarni adabiyot bayrami bilan qizg’in tabrikladi.

O’zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To’xtaboev, adabiyotshunos olim Umarali Normatov ijodkor asarlari, hayoti va faoliyati haqida so’z yuritdilar.

Anjuman yakunida shoir ijodi bo’yicha ilmiy maqolalar hamda insholar tanlovida g’olib bo’lgan talabalarga faxriy yorliq va sovg’alar topshirildi.

Farg’ona tumanidagi “Otchopar” sport majmuasida tashkil etilgan dor o’yinlari-yu, uloq-ko’pkari bellashuvlari minglab yurtdoshlarimizni o’ziga chorladi.

Shoir xotirasiga bag’ishlangan uloq-ko’pkari musobaqasida umumjamoa xisobida Furqat tumani birinchi, Qo’qon shahri ikkinchi, Uchko’prik tumani chavandozlari esa faxrli uchinchi o’ringa sazovor bo’lishdi.

Viloyatimiz shahar va tumanlaridan kelgan mahoratli oshpazlar o’rtasida osh tanlovi o’tkazildi. Doshqozonlarda ikki tonna gurunch damlanib, osh tortildi.

G’olib oshpazlar viloyat hokimining maxsus sovg’alariga ega bo’lishdi.

Marg’ilon shahridagi shoir nomi berilgan markaziy madaniyat va istirohat bog’iga tashrif buyurgan mehmonlar milliy an’analar asosida, karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Erkin Vohidov hayoti va ijodiga bag’ishlangan ko’rgazma barchaning diqqatini tortdi. Shoirning istiqlol yillarida nashr etilgan to’plamlari, zamondoshlari tomonidan bitilgan e’tiroflardan iborat kitoblar ayniqsa, yoshlarni befarq qoldirmadi.

Shahardagi Jahon Otin Uvaysiy adabiy to’garagi a’zolari shoir she’rlaridan namunalar o’qidilar.

“Marg’ilon” restoranida bo’lib o’tgan tadbirda ham taniqli ijodkorlar, adabiyotshunoslar, viloyat va shahar hokimligi vakillari Erkin Vohidovning o’lmas merosi haqida so’z yuritdilar. Dilrabo kuy va qo’shiqlar barchaga xushnudlik ulashdi.

Shu kuni mehmonlar Marg’ilon temir yo’l shoxbekatidan poytaxtga tantanali tarzda kuzatib qo’yildi.

Manba: ferghana.uz

Muallif Abbos Mirzo

Abbos Mirzo
Sayt haqida fikr va mulohazalaringizni qayta aloqa formasi orqali kutib qolamiz!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*