Bosh sahifa / AKT sohasi mutaxassislari uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi

AKT sohasi mutaxassislari uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi

AKT sohasi mutaxassislari uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildiMuhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tashkil etilgan mehnat yarmarkasiga AKT sohasi mutaxassislari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim maskanlarini bitiruvchi yoshlar taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sh.Shermatov va boshqalar mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarning huquq va manfaatlarini, bandligini ta’minlash, ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiyalash orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish masalasi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi.

Yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotini yanada yuksaltirishda ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish, fan, ta’lim, ishlab chiqarish jarayonining o‘zaro uzviyligini ta’minlash bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2017-yil 15-martdagi “Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari uchun AKT sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini zamon ruhiga monand yo‘lga qo‘yishda yangi istiqbollarni ochmoqda.

Davlat, xo‘jalik boshqaruvi va joylardagi davlat hokimiyati organlarining AKT bo‘yicha maxsus bo‘linmalarini mutaxassislar bilan ta’minlash, sohaga malakali mutaxassislarni jalb etish maqsadida kadrlarga oid nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi muttasil shakllantirilmoqda. Ayni paytda kompaniya, tashkilot va korxonalarga zamonaviy bilimlarga ega, yuksak salohiyatli kadrlarni jalb etish, yosh mutaxassislarni ishga joylash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda tashkil etilgan mehnat yarmarkasi yettinchi marta o‘tkazilib, unga sohaga taalluqli 200 ga yaqin korxona va tashkilot, muassasa, davlat boshqaruv idoralari talab etilayotgan ish o‘rinlari bilan qatnashdi.

“UMS” mas’uliyati cheklangan jamiyati mamlakatimizning yetakchi mobil aloqa operatori sanaladi.

– Kompaniyamizda texnik mutaxassislarga talab g‘oyat katta, – deydi kompaniyaning kadrlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Qodirjon Nazarov. – Mazkur yarmarkada marketing, Call Center operatori, GPRS va LTE platformalaridan foydalanish, server infratuzilmasini boshqarish, texnik xavfsizlik bo‘yicha mutaxassisliklarga oid vakant ish joylarini yoshlar e’tiboriga havola etmoqdamiz. Jamoamizda bitiruvchi talabalarning stajirovka o‘tashi keng yo‘lga qo‘yilgan.

“Aloqaloyiha” davlat unitar korxonasi mahalliy, shaharlararo, xalqaro telekommunikatsiya, teleradioeshittirishlarni tarqatish, ma’lumotlar uzatish, ko‘chma radiotelefon aloqa tarmoqlarini loyihalash bo‘yicha faoliyat olib boradi. Yarmarkada mazkur korxona radio-rele liniyalari va radio aloqa, liniya inshootlari bo‘limlariga birinchi va ikkinchi toifali muhandis-loyihalovchi, smeta bo‘limiga yetakchi muhandislikka oid vakant ish joylari bilan qatnashdi. Bu yerga kelgan ishtirokchilar yosh mutaxassislar uchun yaratilgan sharoitlar va qo‘shimcha ijtimoiy imtiyozlar bilan batafsil tanishtirildi.

“UNICON.UZ” fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi tarkibida 35 tuzilma mavjud bo‘lib, bu yerda AKT va aloqa sohasi bo‘yicha ellikdan ortiq xizmat turlari ko‘rsatiladi. Ushbu markaz mutaxassislari tomonidan yaratilgan “E-hujjat”, “E-ijro”, “E-xat”, “E-kalit” kabi zamonaviy dasturiy ishlanmalar hujjat almashinuvi, raqamli imzo, elektron pochta va ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha vazirlik va idoralar, korxona va tashkilotlarda, jamoat tuzilmalarida keng qo‘llanilmoqda. Markazning operativ monitoring nazorat tizimi xizmati muhandisi Nig‘matilla Sharafuddinovning aytishicha, mehnat yarmarkasiga kelgan yoshlar e’tiboriga dasturchi, AKT bo‘yicha muhandis, radiomuhandis kabi kasblar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlariga oid ma’lumotlar havola etildi.

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining telekommunikatsiya muhandisligi fakulteti 4-kurs talabasi Saidmunir Fozilovning aytishicha, “UNICON.UZ” markazi faoliyati bilan tanishib, kelgusida bu yerda ishlashga qaror qilgan.

– Davlatimiz tomonidan ilg‘or texnologiyalar rivojiga qaratilayotgan ulkan e’tibor mazkur sohada yangi-yangi ish o‘rinlari yaratilishida muhim omil bo‘lmoqda, – deydi S.Fozilov. – Mehnat yarmarkasida sohamiz uchun taalluqli korxonalar faoliyati, ulardagi mutaxassislarga qo‘yiladigan talablar bilan batafsil tanishdik.

Baxtiyor Mirzayev Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi informatika kasb-hunar kollejini bitirmoqda.

– Mehnat yarmarkasida kollej bitiruvchilari uchun ish o‘rinlari haqida ham keng ma’lumotlarga ega bo‘ldim, – deydi B.Mirzayev. – Taqdim etilgan ma’lumotlar orqali “O‘zbektelekom” aksionerlik kompaniyasining “StarsTV” filialiga ishga joylashishni mo‘ljallamoqdaman.

– AKT bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar nainki mazkur tizim, balki ishlab chiqarish, sanoat, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy jabhalarda ham eng kerakli mutaxassislarga aylandi, – deydi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining o‘quv markazi kadrlar tayyorlash bo‘yicha ustasi Azimjon Doniyorov. – Ushbu yarmarkada bitiruvchi yoshlar bilan suhbatlashib, ularning nechog‘li bilimli, iste’dodli, intiluvchan ekaniga ishonch hosil qildik.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda bo‘lib o‘tdi.

Nazokat Usmonova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA

Muallif Abbos Mirzo

Abbos Mirzo
Sayt haqida fikr va mulohazalaringizni qayta aloqa formasi orqali kutib qolamiz!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*