Bosh sahifa / Davlatimiz rahbarining o‘rinli e’tirozi va tavsiyalari bilan 32-oilaviy poliklinika faoliyati tubdan yaxshilandi

Davlatimiz rahbarining o‘rinli e’tirozi va tavsiyalari bilan 32-oilaviy poliklinika faoliyati tubdan yaxshilandi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev shu yil may oyida poytaxtimizning Yashnobod tumaniga tashrifida kutilmaganda 32-oilaviy poliklinikaga kirib, aholiga patronaj xizmati ko‘rsatish sifatini yanada oshirish zarurligini ta’kidlagan, mavjud muammolarni qisqa muddatda bartaraf etish, poliklinikani ta’mirlash va aholi uchun yanada ko‘proq qulayliklar yaratish, mobil tibbiy yordam qamrovini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Prezidentimiz topshirig‘idan so‘ng, qisqa vaqt ichida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan poliklinika faoliyatini tubdan yaxshilash maqsadida birlamchi tibbiy yordam bo‘yicha mamlakatimiz va xorij tajribasi, aholi fikr-mulohazalari va takliflari o‘rganilgan holda kompleks tadbir ishlab chiqildi. Bunda asosiy e’tibor aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati va samarasini yanada yaxshilash, shifokor qabuliga kirish uchun navbatlarni qisqartirish, kasalliklarni erta aniqlash va patronaj ishlarini o‘z vaqtida maqsadli olib borish, shoshilinch holatlarda tez tibbiy yordam xizmatini samarali tashkil etishga qaratildi.

Ilgari poliklinika faoliyati aholini qoniqtirmas, mavjud kamchiliklar, xususan, muassasaning moddiy-texnika bazasi, kadrlar salohiyati, dori-darmon va tibbiy buyumlar ta’minoti hamda patronaj xizmati islohotga muhtoj edi. Davlatimiz rahbarining o‘rinli e’tirozi va tavsiyalari bilan bugun poliklinika faoliyati tubdan yaxshilandi, muassasa yangi binoda yangicha mezonda ish boshladi.

Aholi fikriga tayanib tibbiyot muassasasidagi navbatlar masalasi ularga noqulaylik tug‘dirayotgani aniqlangan edi. Bugun zamonaviy tibbiyot elektron navbat tizimiga o‘tmoqda va bu tajriba mamlakatimizda ham o‘zini oqlayotir. Shu maqsadda poliklinikada ham shifokor qabuliga elektron yozilish tizimi joriy etildi.

– Avvalgi poliklinikamiz bilan bugungi poliklinikamiz o‘rtasida katta farq bor, – deydi Jo‘rabek mahallasida yashovchi Anvar Nizomiddinov. – Bugun keng, yorug‘ binoga kirib kelib, ko‘nglimiz ko‘tarildi. Kecha elektron navbat olgandim. Mana, hech qanday kutishlarsiz, ortiqcha vaqt sarflamay ko‘rikdan o‘tdik.

1.jpg

Mazkur oilaviy poliklinika Asalobod, Ma’rifat, Shirinobod, Jo‘rabek, Yassaviy, Boysun mahallalaridagi 27 ming 300 dan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Ushbu vazifani poliklinikada faoliyat yuritayotgan terapevt, pediatr, ginekolog, nevropatolog, okulist, otolaringolog, stomatolog, xirurg, infeksionist, immunolog kabi tor mutaxassislar hamda umumiy amaliyot shifokorlari va 26 patronaj hamshirasi bajarib kelmoqda. Bundan tashqari, poliklinika zamonaviy tibbiy texnikalar, xususan, UTT, EKG, raqamli rentgen apparatlari bilan jihozlangan. Shuningdek, endi muassasaning o‘zida barcha turdagi biokimyoviy tahlillar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

Birlamchi bo‘g‘inda kadrlar salohiyatini yaxshilash, mutaxassis o‘z ustida ishlab, uzluksiz malaka oshirib borishi uchun sharoit yaratish maqsadida poliklinikaning har bir shifokori internet tarmog‘iga ulangan komputer bilan ta’minlandi. Bu mutaxassisga elektron kutubxona orqali tibbiyot sohasining eng so‘nggi yangiliklari, zamonaviy davolash usullari bilan tanishib borish, xorijdagi hamkasblari tajribasini o‘rganish imkoniyatini beradi. Poliklinikada ham axborot- kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda, xodimlarning AKTda ishlash malakasi oshirilmoqda.

– Yangi bino, yangi sharoitda ish boshladik, bu bizga katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi 32-oilaviy poliklinika patronaj hamshirasi Dildora Mirzayeva. – Patronaj xizmati ishini samarali amalga oshirish uchun bizga alohida avtomashina ajratildi. Kerakli dori-darmon va tibbiy buyumlar yetkazib berildi. Biz ham endi imkoniyatdan unumli foydalanib, sidqidildan ishlashimiz lozim. Buni muassasamizning har bir xodimi anglab turibdi. Ayni damda patronajga ehtiyoji baland bo‘lgan to‘qqiz kontingent aniqlanib, maqsadli patronaj ko‘rigi olib borilmoqda. Aytish joiz, bunda faqat hamshira ko‘rik o‘tkazib qolmay, tor soha mutaxassislari tekshiruvi, laboratoriya tekshiruvlari ham tashkil etilayotir.

Yana bir qulaylik, shoshilinch holatlarda murojaat tushgan xonadonga zudlik bilan yetib borish uchun poliklinika qoshida tez tibbiy yordam podstansiyasi va unga biriktirilgan maxsus avtomashina xizmati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu podstansiyaning poliklinika qoshida tashkil etilishi natijasida tez tibbiy yordam chaqirilganda masofa bilan bog‘liq muammolarning oldi olinadi. Shuningdek, brigada xonadonga yetib borguncha bemorning ambulator kartasi bilan tanishilib, bemor avval o‘tkazgan kasalliklari, olgan muolajalari va salomatligiga doir boshqa zarur ma’lumotlarni avvaldan bilish imkoniyati tug‘iladi. Tez yordam brigadasi ko‘rikdan so‘ng bemor salomatligi haqida umumiy amaliyot shifokorini ogohlantiradi va rejali patronaj o‘tkazib boriladi.

Kelajakda ushbu tajriba mamlakatimizdagi barcha oilaviy poliklinikalarga tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.

Mohigul Qosimova, O‘zA

Muallif Abbos Mirzo

Abbos Mirzo
Sayt haqida fikr va mulohazalaringizni qayta aloqa formasi orqali kutib qolamiz!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*