Bosh sahifa / Institut / Me’yoriy hujjatlar / Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish to‘g‘risida NIZOM

Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish to‘g‘risida NIZOM

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 avgustdagi

234-son qaroriga 1-ILOVA

 

 Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish to‘g‘risida

NIZOM 

  1. UMUMIY QOIDALAR
  1. Mazkur Nizom «Ta’lim to‘g‘risida» va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunlariga hamda Vazirlar Mahkamasining «Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida» 2006 yil 16 fevraldagi 25-son qaroriga muvofiq xalq ta’limi tizimidagi hududiy boshqaruv organlari, maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining rahbar, pedagog va boshqa mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etishning asosiy maqsadlari, vazifalari, shakllari, uslublari va tartibini belgilaydi.
  1. Xalq ta’limi tizimidagi rahbar, pedagog va boshqa mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha lavozimlar va mutaxassisliklar nomenklaturasi Xalq ta’limi vazirligi (keyingi o‘rinlarda «Vazirlik» deb ataladi) tomonidan tasdiqlanadi.
  1. Xalq ta’limi muassasalarining xorijiy davlatlarda ta’lim muassasalarini tamomlagan rahbar va pedagog kadrlari qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimida o‘qishga bazaviy ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjati nostrifikatsiyadan o‘tgandan keyin qo‘yiladi.
  1. Boshqa vazirliklar va idoralar tasarrufidagi ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim muassasalarining xodimlari xalq ta’limi tizimidagi qayta tayyorlash va malaka oshirish muassasalari bilan bevosita tuzilgan shartnoma asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan o‘tadilar. 
  1. XALQ TA’LIMI XODIMLARINI QAYTA TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISH TIZIMINING TUZILMASI VA UNI BOSHQARISH
  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimining tuzilmasi va uni boshqarish quyidagi tamoyillar asosida tashkil etiladi:

xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifati, o‘quv jarayoniga zamonaviy pedagogik va yangi texnologiyalarni (pedagogik, maxsus, axborot-kommunikatsiya va boshqa texnologiyalarni) joriy etish darajasi monitoringi;

xalq ta’limi xodimlarining kasbiy mahorati va layoqatini oshirish uchun oliy ta’lim muassasalari va boshqa manfaatdor tashkilotlarning kadrlar salohiyati hamda moddiy-texnika bazasidan foydalanish yo‘li bilan qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimining imkoniyatlarini kengaytirish.

  1. Vazirlik:

xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan maqsad va vazifalarni belgilaydi;

xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta’lim muassasalariga umumiy rahbarlik qiladi va ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi;

o‘quv reja va dasturlarini tasdiqlaydi;

xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlarini ko‘radi;

xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta’lim muassasalari ro‘yxatini, ular faoliyatini takomillashtirish mexanizmi va usullarini, qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan davlat talablarini, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish jarayoni samaradorligini aniqlaydigan dinamik ko‘rsatkichlarni, qayta tayyorlash va malaka oshirishdan o‘tadigan xodimlarning prognoz kontingentini belgilaydi.

  1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari (keyingi o‘rinlarda «xalq ta’limi hududiy boshqaruv organlari» deb ataladi), tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar, nodavlat ta’lim muassasalari va jismoniy shaxslar xalq ta’limi muassasalari xodimlarini o‘qitishning buyurtmachisi (matnda keyingi o‘rinlarda «Buyurtmachi» deb yuritiladi) hisoblanadilar.
  1. Xalq ta’limi tizimida A. Avloniy nomidagi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziy instituti (keyingi o‘rinlarda «Markaziy institut» deb ataladi), Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish respublika o‘quv-metodika markazi (keyingi o‘rinlarda «Markaz» deb ataladi) hamda xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy institutlari (keyingi o‘rinlarda «Hududiy institut» deb ataladi) qayta tayyorlash va malaka oshirish faoliyatini amalga oshiradi.
  1. Markaziy institut xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimining bosh ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Markaziy institut:

hududiy institutlar faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda xalq ta’limi xodimlarining kasbiy bilimlari va malakalarini takomillashtirish ishlariga ilmiy-metodik jihatdan rahbarlik qiladi;

ta’lim dasturlarining uzluksizligi va izchilligini hisobga olib, ijodiy tafakkurni rivojlantirishga yo‘naltirilgan o‘qitishning interaktiv metodlaridan foydalangan holda xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha namunaviy o‘quv reja, dastur, o‘quv-metodik va normativ hujjatlarni ishlab chiqadi;

qayta tayyorlash va malaka oshirishning samarali shakllarini (uyg‘unlashtirilgan, masofadan o‘qitish, o‘qitishning yakka tartibdagi shaklini, «ustoz-shogird» usulini va shu kabilarni) joriy etishning ilmiy-metodik va tashkiliy-metodik asoslarini ishlab chiqadi;

ta’limning ilg‘or shakl va usullari, zamonaviy ta’lim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini malaka oshirish jarayoniga joriy etish asosida rahbar, pedagog va boshqa mutaxassis kadrlarning kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarini takomillashtirishni amalga oshiradi;

pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasidagi xorijiy tajribani, shuningdek eng yaxshi ta’lim muassasalarining yutuqlarini umumlashtirish asosida ilmiy asoslangan innovatsiyalarni joriy etadi.

  1. Markaz — maktabgacha ta’lim muassasalarining xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimining asosiy tayanch o‘quv-metodik muassasasi hisoblanadi.

Markaz:

maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar, pedagog va boshqa mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;

maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning ilmiy-metodik asoslarini ishlab chiqadi;

maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hududiy institutlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;

tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqadi.

  1. Hududiy institutlar tegishli hududlardagi maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari pedagog va boshqa mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv muassasasi hisoblanib, shu yo‘nalishdagi o‘quv, ilmiy hamda tashkiliy-metodik ishlarni amalga oshiradi.

Hududiy institutlar:

pedagogika, psixologiya, o‘quv fanlari va ularni o‘qitish metodikasining mamlakatimizdagi va jahondagi eng yangi yutuqlarini muntazam ravishda o‘rganish hamda targ‘ib qilish, shuningdek zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarning pedagoglar tomonidan chuqur o‘zlashtirilishini va amaliyotda qo‘llanilishini ta’minlaydi;

pedagoglarning o‘z kasbiy malakalarini takomillashtirishga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laroq qondirish maqsadida qayta tayyorlash va malaka oshirishning ilg‘or shakl va usullarini joriy etadi;

buyurtmachilar buyurtmalari asosida malaka oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha rejalarni shakllantiradi, pedagog kadrlarni hamkorlikda o‘qitish uchun oliy va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari bilan shartnomalar tuzadi;

namunaviy o‘quv reja va o‘quv dasturlari asosida ishchi o‘quv reja hamda ishchi o‘quv dasturlarini ishlab chiqadi.

  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning barcha yo‘nalishlari va shakllari bo‘yicha ishlab chiqilgan namunaviy o‘quv rejalar va o‘quv dasturlari belgilangan tartibda vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.

 III. XALQ TA’LIMI XODIMLARINI QAYTA TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISHNING MAQSAD VA VAZIFALARI

  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning maqsadlari:

xodimlarning egallab turgan lavozimlari, mutaxassisligi yoki dars beradigan fanlari bo‘yicha kasbiy va pedagogik mahorati doimiy ravishda o‘sib borishini, ularning ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, shuningdek o‘qitishning interaktiv usullari bo‘yicha kasbiy bilimlari, malaka va ko‘nikmalari muntazam ravishda yangilab borilishini ta’minlashdan;

ulardagi nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni chuqurlashtirish hamda yangilash, xalq ta’limining dolzarb muammolari, ta’limni tashkil etishning yangi tamoyillari, o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishning zamonaviy usullari, davlat ta’lim standartlari va normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishtirishdan iborat.

  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning asosiy vazifalari:

o‘qitishda (dars berishda) kasbiy layoqat va mahoratni yanada oshirish;

psixologik-pedagogik tayyorlash hamda nutq madaniyatini o‘rgatish;

mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini singdirish va xodimlarning qobiliyatini rivojlantirish hamda yangi bilimlar berish;

ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, Internet global tarmog‘i bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish;

ilmiy-pedagogik ijodkorlik metodologiyasi hamda pedagogika fani va sohasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha bilimlarni singdirish;

o‘quv-tarbiyaviy va ma’naviy-axloqiy ishlarni amalga oshirish, nazorat qilish va ta’lim oluvchilar bilimlarini xolisona baholash ko‘nikmalarini mustahkamlash;

ta’lim jarayonining yuqori samaradorligini ta’minlash, tinglovchilarning tashabbuskorligini, ilmiy tadqiqotlarga intilishini va ijodiy mahoratini rag‘batlantirish;

xalq ta’limi muassasalari xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash mazmunini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot hamda o‘quv-metodik ishlarni olib borish ko‘nikmalarini singdirish.

 XALQ TA’LIMI XODIMLARINI QAYTA TAYYORLASH VA MALAKASINI OSHIRISH MAZMUNI HAMDA SIFATIGA QO‘YILADIGAN UMUMIY TALABLAR

  1. Malaka oshirish va qayta tayyorlash sifati xalq ta’limi xodimlari tayyorgarligining zarur va yetarli darajasi, ulardagi bilim va amaliy mahoratning mazkur kadrlarga qo‘yiladigan malaka talablariga muvofiqligi bilan belgilanadi.

Malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslaridagi o‘quv jarayoni namunaviy (tayanch) o‘quv rejalar va dasturlar asosida ishlab chiqilgan maqsadli ishchi o‘quv rejalar va ishchi dasturlar asosida amalga oshiriladi.

Malaka oshirish va qayta tayyorlash mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan talablar tegishli ta’lim dasturlari bilan belgilanadi.

  1. Quyidagilar malaka oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlari mazmuniga qo‘yiladigan bazaviy talablar hisoblanadi:

kasblar va lavozimlarga bo‘lgan kasbiy malaka talablariga muvofiqlik;

ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini bilishga, ta’lim turlari va bosqichlari bo‘yicha davlat talablari (davlat ta’lim standartlari)ning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlashga, tinglovchilarning kasbiy bilimlarini yangilash va chuqurlashtirishga, yangi, qo‘shimcha kasbiy malaka va ko‘nikmalarni hosil qilishga, ta’lim-tarbiyaning samarali usullari hamda texnologiyalarini egallash va takomillashtirishga qaratilganlik;

zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalana olishni nazarda tutish;

davlat talablari hajm va mazmunining qayta tayyorlash va malaka oshirish muddatlariga muvofiqligi.

Malaka oshirish (qayta tayyorlash) bo‘yicha ta’lim dasturlari tegishli bazaviy maqsadlar va mazmunga mos malaka (bitiruv) ishlari bilan tugallanadi. 

XALQ TA’LIMI XODIMLAR MALAKASINI OSHIRISHNING TO‘G‘RIDAN-TO‘G‘RI VA BILVOSITA SHAKLLARINI TASHKIL ETISH

  1. Xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri (ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish) va bilvosita (ta’lim dasturlarisiz o‘qitish) shakllari bo‘yicha tashkil etiladi.
  1. Xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirishning quyidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shakllari qo‘llaniladi:

malaka oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida (institutda, markazda) o‘qitish;

bazaviy ta’lim muassasasida o‘qitish;

«Ustoz-shogird» usuli bo‘yicha ta’lim muassasasida o‘qitish;

mustaqil o‘qib bilim orttirish;

masofadan turib amalga oshiriladigan ta’lim;

stajirovka shaklida (ta’lim muassasalarida, ta’limning boshqaruv organlarida, xorijda) tajriba orttirish.

  1. Malaka oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida (institut, markaz) o‘qitish — ta’lim muassasalarining yakka tartibdagi topshiriqlari yoki aniq yo‘naltirilgan dasturlari asosida, ta’limning tegishli turi o‘quv-tarbiya jarayonining monitoringi natijalarini va kadrlar tayyorlash sifatini hisobga olib Davlat talablariga, shuningdek ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi talablariga muvofiq ishlab chiqilgan fanlar bo‘yicha maqsadli kasbiy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish.

Malaka oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida o‘qitish 2 + 2 yoki 3 + 1 sxemalari bo‘yicha (tegishli ravishda 50 yoki 75% — yashash joyi bo‘yicha mustaqil ravishda bilim orttirish, 50 yoki 25% — bevosita ta’lim muassasasida) o‘qitish shakllarida ham tashkil etilishi mumkin. O‘qitishning bunday shakllari axborot uzatishning zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari va pedagog kadrlarning malakasini oshirish bo‘yicha maxsus virtual kurslar mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘llaniladi.

Bazaviy ta’lim muassasasida o‘qitish — Davlat talablariga, tegishli ixtisoslikning pedagog kadrlariga qo‘yiladigan malaka talablariga muvofiq ularning kasbiy bilimlari, malaka va ko‘nikmalarini chuqurlashtirish maqsadida qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun bazaviy deb belgilangan ta’lim muassasalarida fanlar bo‘yicha maqsadli kasbiy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishdir.

Bazaviy ta’lim muassasalarida o‘qitish umumkasbiy va maxsus fanlar bo‘yicha xodimlar malakasini oshirishning samarali shakli hisoblanadi, chunki ular tegishli ixtisoslik kadrlarini tayyorlashga ixtisoslashgandir (zarur moddiy-texnik baza bilan jihozlangan, yetarlicha ilmiy-metodik va intellektual salohiyatga ega).

Malaka oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi yoki bazaviy ta’lim muassasasida o‘qitish xodim ishlab chiqarishdan ajralgan yoki qisman ajralgan holda amalga oshirilishi mumkin.

  1. Ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi malaka oshirish xodimlarning o‘z ish joylaridan to‘la ajralgan tarzda malaka oshirish muassasasida ta’lim olishlarini nazarda tutadi.

Ishlab chiqarishdan qisman ajralgan holdagi malaka oshirish 2 + 2 sxemasi bo‘yicha (50% bevosita malaka oshirish muassasasida, 50% ish joyida mustaqil tayyorlanish yo‘li bilan) yoki 3 + 1 sxemasi bo‘yicha (25% bevosita malaka oshirish muassasasida, 75% ish joyida mustaqil tayyorlanish yo‘li bilan) amalga oshirilishi mumkin. Malaka oshirishning mazkur shakli xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha ma’lumotlarni uzatishning zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari hamda maxsus virtual kurslar mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘llanadi. Malaka oshirishning bunday shakli masofadan o‘qitish shakli hisoblanib, bunda tinglovchi asosiy ishdan ajralmagan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda tegishli o‘quv dasturiga muvofiq malaka oshiradi.

  1. Malaka oshirishning masofadan o‘qitish shakli mazkur Nizomning 18, 19 va 20-bandlarida ko‘rsatilgan malaka oshirish shakllarining tarkibiy qismi sifatida ham amalga oshirilishi mumkin.
  1. Masofadan amalga oshiriladigan ta’lim kursining davomiyligi ta’lim muassasasida o‘qishning tegishli kursi akademik soatlarida belgilanadi, bunda kalendar muddatlar akademik muddatlardan ortiq bo‘lishi mumkin.

Yangi bilimlarni o‘zlashtirish darajasi masofaviy ta’limni amalga oshirayotgan malaka oshirish ta’lim muassasasi tomonidan nazorat qilinadi.

Masofadan turib amalga oshiriladigan malaka oshirish kursi dasturini to‘liq o‘zlashtirgan va yakuniy attestatsiyadan muvafaqqiyatli o‘tgan tinglovchilarga davlat namunasidagi hujjat (sertifikat) beriladi.

  1. «Ustoz-shogird» usuli bo‘yicha ta’lim muassasasida o‘qitish — tanlov asosida tanlab olingan, mamlakatda (mintaqada), ilmiy va pedagogik jamoatchilik o‘rtasida o‘zining yuqori natijalari, kasbiy faoliyatining yuqori ko‘rsatkichlari, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘z maktabi bilan mashhur bo‘lgan yuqori malakali pedagog-ustozlar rahbarligida tegishli tipdagi ta’lim muassasalarida fanlar bo‘yicha pedagog kadrlarning malakasini maqsadli oshirish.
  1. Mustaqil o‘qib bilim orttirish — ta’limning rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlari tomonidan kasb mahoratini oshirishga, kasbiy layoqatini va ilmiy dunyoqarashni kengaytirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, ularning o‘z lavozimi va mutaxassisligi bo‘yicha yangi bilim, ko‘nikma va malakalarni uzluksiz ravishda mustaqil o‘zlashtirishini nazarda tutadi.

Mustaqil ravishda bilim olish ta’lim muassasalari (rahbar va pedagog) kadrlari uzluksiz ta’limining (malaka oshirishining) ajralmas tarkibiy qismidir, u axborot texnologiyalarining egallab olinishini rag‘batlantiradi. Mustaqil ta’lim, belgilangan tartibda, malaka oshirishning tegishli o‘quv dasturlari bo‘yicha amalga oshirilgan bo‘lsa, bilimlarning yakuniy nazorati natijalari asosida kadrga malaka oshirish ta’lim muassasasi tomonidan malaka oshirganlik haqida belgilangan namunadagi hujjat (sertifikat) beriladi.

Malaka oshirishning ushbu shakli o‘quv dasturini ta’lim oluvchi tomonidan tuzilgan va malaka oshirish ta’limi muassasasi tomonidan tasdiqlangan yakka tartibdagi reja asosida mustaqil o‘qish vositasida o‘zlashtirishni nazarda tutadi.

Mustaqil o‘qib bilim orttirish shaklida malaka oshirish barqaror yuqori professional reytingga ega bo‘lgan, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ishlashning amaliy ko‘nikmalarini egallagan, o‘zini o‘zi kamol toptirish jarayoniga tanqidiy va ijodiy yondasha oladigan tinglovchilar uchun tavsiya etiladi.

  1. Stajirovka shaklida (ta’lim muassasalarida, ta’limni boshqaruv organlarida, horijda) tajriba orttirish rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarni ta’lim va uni boshqarish sohasidagi fan-texnika taraqqiyotining eng yangi yutuqlari, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan tanishtirishni, rahbarlik salohiyatini oshirishni nazarda tutadi.

Stajirovka xizmat safariga yuborish tarzida amalga oshiriladi.

Stajirovka tamom bo‘lgandan keyin kadrlarga stajirovka muddati ko‘rsatilgan holda ularning stajirovkadan o‘tganligi to‘g‘risida tajriba orttirilgan muassasa rahbarining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan ma’lumotnoma beriladi.

  1. Ta’lim muassasasida (oliy ta’lim muassasasi, malaka oshirish va qayta tayyorlash ta’lim muassasalari, Respublika ta’lim markazi, pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti va hokazolarda) tajriba orttirish rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarni boshqaruv va ta’limning zamonaviy yutuqlari, tegishli mutaxassislik bo‘yicha rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari, ta’lim innovatsiyalarini joriy etishning samarali usullari bilan tanishtirish maqsadlarini ko‘zlaydi.

Ta’limni boshqaruv organlarida tajriba orttirish xodimlarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlaydi va chuqurlashtiradi hamda turli darajadagi rahbar kadrlar malakasini oshirishning samarali shakllaridan hisoblanadi.

Ta’lim muassasalari xodimlarining horijda tajriba orttirishi xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan mamlakatimiz ta’lim tizimini rivojlantirish va takomillashtirishga ko‘maklashish uchun ajratilgan grantlarga muvofiq, shuningdek ta’limni boshqarish organlari bilan ta’lim muassasalarining o‘zlari o‘rtasida tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

  1. Malaka oshirish ta’limi dasturlari asosida tashkil etilgan innovatsion menejment, pedagogik yoki axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish kurslarida o‘qish ham xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri shakllari tarzida amalga oshiriladi. Ushbu kurslar majburiy bo‘lmagani holda ta’lim kadrlarining kasbiy o‘sishiga ko‘maklashadi. Mazkur kurslarning o‘quv dasturlari malaka oshirish ta’limi o‘quv dasturlarining muayyan qismini (fan bloklari yoki modullarini) qamrab olgan va malaka oshirish ta’limi muassasasi tomonidan (yoki u bilan hamkorlikda) o‘tkazilgan bo‘lsa, kurslarni tamomlagandan keyin berilgan sertifikatlarda ko‘rsatilgan o‘qish soatlari hajmi navbatdagi malaka oshirish bo‘yicha zarur soatlarning jami hajmiga kiradi (hisobga olinadi).
  1. Xalq ta’limi muassasalari xodimlari malakasini oshirishning bilvosita shakllari quyidagilardan iborat:

ta’lim muassasasining ilmiy (pedagogik) kengashi qaroriga binoan ijodiy ta’til;

ochiq o‘quv mashg‘ulotlari;

ilmiy, ilmiy-metodik va ilmiy-amaliy seminarlarda, konferensiyalarda, avgust o‘qishlarida va shu kabilarda ma’ruzalar bilan qatnashish.

Ijodiy ta’til — yangi o‘quv adabiyotlari (darslik yoki o‘quv qo‘llanma) yaratish, zamonaviy pedagogik axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va o‘quv-tarbiya jarayoniga joriy etish, pedagoglarning kasbiy faoliyati, yo‘nalishi bilan bog‘liq bo‘lgan yirik ilmiy ishni (monografiya, dissertatsiya va hokazolarni) tugallash uchun ta’lim muassasasining ilmiy (pedagogik) kengashi taqdimnomasiga ko‘ra pedagog kadrlarga beriladigan ta’til.

Ochiq o‘quv mashg‘ulotlari — zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, o‘qitishning interaktiv usullari qo‘llanilgan holda akademik guruhlarda jadval bo‘yicha o‘tkaziladigan oldindan e’lon qilingan muammo yoki innovatsiya mavzusi bo‘yicha mashg‘ulotdir.

Ochiq o‘quv mashg‘ulotlariga bilimlarning ushbu sohasidagi tajribali pedagoglar, olimlar va mutaxassislar taklif etiladi.

Ushbu mashg‘ulotlarning sifati ta’lim muassasasining kafedrasida yoki ilmiy (pedagogik) kengashida muhokama qilinadi.

Mutaxassislarning ilmiy va ilmiy-metodik seminarlar, konferensiyalar, avgust o‘qishlari va hokazolarda ma’ruzalar bilan qatnashishi xalq ta’limining dolzarb muammolari, shuningdek o‘quv-tarbiya jarayonining yuqori sifatini ta’minlashga yo‘naltirilgan pedagogika fani va amaliyoti, o‘qitish metodologiyasi va texnologiyasining muhim masalalari bo‘yicha ilmiy va ilmiy-metodik ma’ruza(axborot)lar bilan chiqishlari orqali ta’minlanadi.

  1. Malaka oshirishning bilvosita shakllari (ta’lim dasturlarisiz o‘qitish) bo‘yicha malaka oshirgan xalq ta’limi muassasalarining xodimlariga tegishli mazmundagi ma’lumotnoma beriladi.
  1. Malaka oshirishning bilvosita shakllari ta’lim muassasasi xodimining navbatdagi malaka oshirish kursigacha bo‘lgan davrda o‘z ustida mustaqil ishlashi natijalarini baholash va uning kasbiy malaka darajasini aniqlashga xizmat qiladi, shuningdek pedagog kadrlarni malaka toifalariga attestatsiya qilish jarayonida hisobga olinadi.

Xalq ta’limi xodimlarini malaka oshirishning mustaqil yoki masofaviy shakllariga qabul qilishda ularning malaka oshirish ta’limining bilvosita turi bo‘yicha muvafaqqiyatli shug‘ullanganligi shart hisoblanadi. 

MALAKA OSHIRISHNING DAVRIYLIGI VA O‘QUV YUKLAMASINING HAJMI

  1. Xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirishning davriyligi va qancha davom etishi uni tashkil etish shakllariga hamda xodimning kasbiy malaka darajasini va individual kasbiy ehtiyojini hisobga olgan holda Buyurtmachi tomonidan belgilanadigan talablarga bog‘liq bo‘ladi va ta’lim muassasalarining rahbar kadrlari uchun 3 yilda kamida bir marta, pedagog kadrlar uchun 5 yilda kamida bir marta etib belgilanadi.
  1. Xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri shakllarining umumiy davomiyligi kamida 4 hafta (144 soat) etib belgilanadi.

Bunda o‘quv yuklamasining eng ko‘p hajmi har haftada 36 soatni (54 akademik soatni), auditoriya mashg‘ulotlarining eng ko‘p hajmi har haftada 24 soatni (36 akademik soatni) tashkil qiladi.

Ayrim hollarda rahbar kadrlar malakasini oshirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri shakllarining umumiy davom etish muddati, asosiy ishdan ajralgan holda o‘qitishda, kamida 3 hafta (144 soat), auditoriya mashg‘ulotlarining va mustaqil ishlarning eng yuqori hajmi haftasiga 48 soat etib belgilanishi mumkin.

  1. Auditoriya mashg‘ulotlarining barcha turlari uchun 80 daqiqa davom etadigan dars juftligi belgilanadi. 

VII. MALAKA OSHIRISH KURSLARINI TASHKIL ETISH

  1. Malaka oshirish asosiy ishidan ajralgan va ajralmagan, masofadan turib o‘qitish usullari qo‘llanilgan hamda o‘z bilimlarini mustaqil oshirgan holda amalga oshiriladi.
  1. Malaka oshirish kurslari Vazirlik va ta’limni boshqarish hududiy organlarining (ayrim hollarda, bevosita uzluksiz ta’limning tegishli turdagi ta’lim muassasalari) buyurtmalariga binoan yillik rejalar asosida tashkil etiladi.
  1. Buyurtmachilar tomonidan navbatdagi kalendar yilda malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo‘yicha buyurtmalar kadrning familiyasi, ismi va otasining ismi, qachon va qaysi o‘quv yurtini bitirganligi, diplom bo‘yicha mutaxassisligi, pedagogik staji, ish joyi, lavozimi, oxirgi marta malaka oshirgan vaqti va malaka oshirish kursi toifasi ko‘rsatilgan holda Markaziy institut, Markaz va Hududiy institutlarga yetkaziladi.
  1. Markaziy institut, Markaz va Hududiy institutlar tomonidan mazkur buyurtmalar asosida malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo‘yicha yillik reja shakllantiriladi va Vazirlik tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangandan so‘ng buyurtmachilarga yetkazib beriladi.
  1. Buyurtmachilar mazkur reja asosida o‘z tasarruflaridagi ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining tegishliligi bo‘yicha qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim muassasalariga o‘qishga yetib borishlarini ta’minlaydilar.
  1. Malaka oshirishga yuborilgan xodim tegishli qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan tinglovchilar safiga qabul qilinadi. Tinglovchilar guruhini shakllantirish, kursning o‘quv reja va dasturlarini tayyorlashda pedagog kadrlarning bazaviy ma’lumoti, mutaxassisligi, toifasi va egallab turgan lavozimlari, shuningdek buyurtmachining talablari hisobga olinadi.
  1. Malaka oshirish kurslaridagi o‘quv jarayonlari kurslarga jalb etilgan xodimlar 25 tinglovchidan iborat o‘quv guruhlariga bo‘lingan holda tashkil etiladi.
  1. Malaka oshirish kurslaridagi o‘quv mashg‘ulotlari tasdiqlangan namunaviy o‘quv rejalari hamda dasturlariga mos ravishda tuzilgan va har biri bir nechta o‘quv fani modullarini o‘z tarkibiga olgan blok-modulli ishchi o‘quv rejalari asosida tashkil etiladi.
  1. Malaka oshirish kurslaridagi o‘quv jarayoni amaldagi qoidalarga muvofiq tuziladigan hamda qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim muassasasi rahbari tomonidan tasdiqlanadigan mashg‘ulotlar jadvali asosida olib boriladi.
  1. Malaka oshirish kurslaridagi o‘quv mashg‘ulotlari ma’ruza, amaliy mashg‘ulot, laboratoriya ishi, seminar, ishchanlik o‘yini, imitatsiya darsi, tajriba almashish darsi, trening, interfaol mashg‘ulotlar va boshqa shakllarda olib boriladi. Ayrim o‘quv mashg‘ulotlarini ilg‘or ta’lim muassasalari negizida tashkil etish mumkin.
  1. Malaka oshirish kurslarini tashkil qilish, ularni talab darajasida o‘tkazish, ta’lim samaradorligini ta’minlash hamda tinglovchilarning yashashi uchun sharoit yaratish (ta’lim muassasasida tinglovchilar turar joyi mavjud bo‘lsa) mas’uliyati tegishli qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim muassasasi rahbari zimmasiga yuklatiladi.
  1. Malaka oshirish kursi tinglovchisi kursning o‘quv rejasida nazarda tutilgan barcha nazorat turlarida (oraliq, yakuniy) ijobiy natija ko‘rsatsa, kursning o‘quv dasturi to‘liq o‘zlashtirilgan hisoblanadi. Oraliq nazorat topshiriqlarini muvaffaqiyatli bajargan tinglovchi yakuniy nazoratga qo‘yiladi.
  1. Oraliq nazoratlarda yetarli ball to‘play olmagan tinglovchiga ta’lim muassasasi rahbari ruxsati bilan (bir kundan so‘ng) qayta topshirishga imkoniyat beriladi. Mazkur imkoniyatdan ham foydalana olmagan tinglovchi tinglovchilar safidan chetlashtiriladi.
  1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan yakuniy nazoratni o‘tkazuvchi maxsus komissiya tashkil etiladi. Yakuniy nazorat — qatnashish shaklida o‘tkaziladi hamda yakuniy test sinovlari va malaka ishini himoya qilishdan iborat bo‘ladi.
  1. Oraliq nazorat topshiriqlarini bajarmagan tinglovchilar yakuniy nazoratga qo‘yilmaydi, tegishli ravishda ularga malaka oshirish kurslarini tamomlaganlik to‘g‘risida Davlat namunasidagi hujjat (sertifikat) berilmaydi.
  1. Malaka oshirish kursi dasturini to‘liq o‘zlashtirgan va yakuniy nazoratdan muvafaqqiyatli o‘tgan tinglovchilarga Davlat namunasidagi hujjat (sertifikat) beriladi.
  1. Tinglovchi quyidagi sabablarga ko‘ra tinglovchilar safidan chetlashtiriladi:

o‘quv intizomini va ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;

ta’lim dasturlarini o‘zlashtirmagani (nazorat turlarini topshira olmagani) uchun;

malaka oshirish kursidagi dars mashg‘ulotlarini uzrli sabablarsiz 18 soatdan ortiq qoldirgani uchun;

salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);

tinglovchi sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;

vafot etganligi sababli.

  1. Tinglovchi malaka oshirish kursidan chetlatilganda unga sabablari ko‘rsatilgan holda ma’lumotnoma beriladi, shuningdek bu haqda uni malaka oshirishga yuborgan buyurtmachi tashkilotga malaka oshirish ta’lim muassasasi tomonidan ma’lum qilinadi.

Malaka oshirish kursidan chetlatilgan yoki yakuniy nazoratdan o‘ta olmagan tinglovchi bir yil ichida buyurtmachi tashkilot tomonidan unga ish haqi saqlanmagan holda ta’til berilishi tartibida malaka oshirishga qayta yuboriladi.

Malaka oshirishga qayta yuborilgan xodim malaka oshirish kursidan chetlatilgan yoki yakuniy nazoratdan o‘ta olmagan taqdirda uning ish faoliyatini davom ettirishi masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida xodim bilan mehnat shartnomasi tuzgan tashkilotga malaka oshirish ta’lim muassasasi tomonidan yozma ravishda ma’lum qilinadi. 

VIII. XALQ TA’LIMI XODIMLARINI QAYTA TAYYORLASHNING TURLARI VA SHAKLLARI

  1. Xalq ta’lim xodimlarini qayta tayyorlashning maqsadi — mehnat bozori, shaxs, davlat va jamiyatning o‘zgaruvchan ehtiyojlarini hisobga olgan holda xalq ta’limi muassasalarida (maktabgacha, umumiy o‘rta, maktabdan tashqari ta’lim va boshqa muassasalarda) faoliyat olib borayotgan oliy ma’lumotli, lekin tegishli pedagogik yoki kasbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimlarning qo‘shimcha ixtisoslik bo‘yicha kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mavjud Davlat ta’lim standartlari yoki Davlat talablari asosida shakllantirishdan iborat.
  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash bo‘sh (yoki yangi tayinlangan) lavozimni egallash va mutaxassislikning malaka tasnifiga muvofiq keyinchalik professional faoliyatning yangi turini bajarish maqsadida yangi kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarni o‘zlashtirishga yo‘naltiriladi.
  1. Qayta tayyorlashning asosiy turlari:

pedagogik qayta tayyorlash;

kasbiy qayta tayyorlash.

  1. Pedagogik qayta tayyorlash — oliy ma’lumotli nopedagog mutaxassislarning bazaviy kasbiy ma’lumotini ta’limning tegishli turi Davlat ta’lim standarti (Davlat talablari) bilan belgilanadigan o‘quv-tarbiya jarayonining talab etiladigan sifatini ta’minlaydigan darajada pedagogik faoliyatni yuritish uchun zarur va yetarli bo‘lgan pedagogik tayyorgarlik talablariga muvofiqlashtirish maqsadida mutaxassislarni qayta tayyorlash.
  1. Kasbiy qayta tayyorlash (ixtisoslashuv) — oliy pedagogik ma’lumotli mutaxassislar tomonidan ta’limning tegishli turi Davlat ta’lim standarti (Davlat talablari) bilan belgilanadigan o‘qitishning talab etiladigan sifatini ta’minlaydigan darajada o‘quv fani yoki kurs bo‘yicha pedagogik faoliyatni yuritish uchun zarur va yetarli hajmda yangi kasbiy bilimlar, malaka va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish.

Pedagog kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash, o‘quv rejalariga yangi o‘quv fanlari yoki kurslar joriy etilishi, buyurtmachilar yoki mehnat bozorining talablari bilan belgilanadigan ayrim pedagoglarning qayta ixtisoslashuvi yoki yangi mutaxassislikka ega bo‘lishi munosabati bilan ta’lim muassasasi ma’muriyatining tashabbusiga ko‘ra tashkil etiladi.

Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash asosiy ishidan ajralgan va ajralmagan, masofadan o‘qitish usullari qo‘llanilgan va o‘z bilimlarini mustaqil oshirgan holda bazaviy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi.

Ta’lim dasturlarining mazmuni va o‘qitishning qancha davom etishi Davlat talablarida ko‘rsatilgan tartibda belgilanadi. Qayta tayyorlashdan muvaffaqiyatli o‘tgan pedagogik kadrlarga belgilangan namunadagi diplom beriladi.

Qayta tayyorlashga ikkinchi oliy ta’limni olish sifatida qaralmaydi, qayta tayyorlash natijasida beriladigan hujjat (diplom) faqat muayyan lavozimda faoliyat ko‘rsatish yoki muayyan fanlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari olib borish huquqini beradi.

  1. Rahbar kadrlarni qayta tayyorlash xalq ta’limi hududiy boshqaruv organlari, tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning buyurtmalariga binoan amalga oshiriladi.

Ta’lim muassasalarining rahbarlik lavozimiga tayinlash uchun zaxiraga olingan yoki rahbarlikka nomzod xodimlari qayta tayyorlov kurslariga jalb etiladilar.

Xalq ta’limi muassasalari rahbarligiga tayinlashda nomzod kadrning qayta tayyorlov kurslarini tamomlaganligi shart hisoblanadi.

  1. Boshqa vazirliklar va idoralarning rahbar, pedagog yoki mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash xalq ta’limi tizimidagi qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim muassasalari bilan bevosita tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash tegishli ta’lim dasturlari asosida:

qayta tayyorlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida (institutda, markazda) o‘qitish;

qisman ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida va qisman mustaqil o‘qib bilim orttirish;

qisman ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida va qisman masofadan malaka oshirish shakllarida amalga oshirilishi mumkin.

  1. Qayta tayyorlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida (institutda, markazda) o‘qitish buyurtmachining yakka tartibdagi topshirig‘i yoki aniq yo‘naltirilgan dasturi asosida, Davlat talablariga, shuningdek ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi talablariga muvofiq ishlab chiqilgan dasturlar bo‘yicha amalga oshiriladi.
  1. Qayta tayyorlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida o‘qitish 2 + 2 yoki 3 + 1 sxemalari bo‘yicha (tegishli ravishda 50 yoki 75% — yashash joyi bo‘yicha mustaqil ravishda bilim orttirish, 50 yoki 25% — bevosita ta’lim muassasasida) o‘qitish shakllarida ham tashkil etilishi mumkin.

O‘qitishning bunday shakllari axborot uzatishning zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari va xalq ta’limi xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha maxsus virtual kurslar, ya’ni masofaviy ta’limni amalga oshirish imkoniyatlari mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘llaniladi. Qayta tayyorlashning mazkur tarzda tashkil etilgan kurslarning kamida bir oyi, ya’ni 144 soati bevosita ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida o‘tkazilishi shart.

Qayta tayyorlashning ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasidagi qismi ishlab chiqarishdan ajralgan (ta’til davri va ishdan bo‘sh vaqtlarda — ishdan ajralmagan) holda tashkil etiladi. 

QAYTA TAYYORLASHNING DAVOMIYLIGI VA O‘QUV YUKLAMASINING HAJMI

  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va o‘quv dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi. O‘quv yuklamasini rejalashtirishda tinglovchilarning mustaqil ishlashiga alohida e’tibor qaratiladi.
  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash dasturlarini o‘zlashtirish muddati o‘quv rejasiga kiritilgan fanlar soni hamda ularning yuklamalari hajmidan kelib chiqib belgilanadi va u 16 haftadan (576 soatdan) kam bo‘lmasligi shart. Auditoriya mashg‘ulotlari va mustaqil ishlarning haftalik yuklamasi eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi. 

QAYTA TAYYORLASH KURSLARINI TASHKIL ETISH

  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta’lim muassasalari buyurtmachi ehtiyojidan kelib chiqib, hududiy xalq ta’limi boshqaruv idoralari bilan hamkorlikda qayta tayyorlash kurslariga buyurtmalarni shakllantiradi.
  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta’lim muassasalari qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish yuzasidan vazirlikka taklif bilan murojaat qiladi hamda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

qayta tayyorlash kurslarida o‘qishi rejalashtirilayotgan tinglovchilar (familiyasi, ismi va otasining ismi, qachon va qaysi o‘quv yurtini bitirganligi, diplom bo‘yicha mutaxassisligi, pedagogik staji) haqida ma’lumot;

qayta tayyorlash kurslarini o‘tkazish jadvali;

qayta tayyorlash kurslari uchun metodik ta’minotning (o‘quv-mavzu reja, dasturlar, majmualar, ishlanmalar va hokazolar) mavjudligi haqida ma’lumot;

qayta tayyorlash kurslarini o‘tkazish uchun yetarli bo‘lgan ilmiy-pedagogik salohiyatning (ma’ruzachi va amaliy darslarni olib boruvchi professor-o‘qituvchilarning familiyasi, ismi va otasining ismi, ilmiy darajasi va ilmiy unvoni, asosiy ish joyi) mavjudligi haqidagi ma’lumot;

qayta tayyorlash kurslarini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnika bazasining (auditoriya fondi, kompyuter xonalari, fan xonalari, kutubxona va hokazolar) mavjudligi haqidagi ma’lumot.

  1. Mazkur hujjatlar Vazirlik tomonidan o‘rganib chiqiladi va qayta tayyorlash kurslarini o‘tkazish haqida xulosa beriladi. Qayta tayyorlash kurslari tegishli ta’lim muassasalari tomonidan Vazirlik bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
  1. Qayta tayyorlash kurslarining metodik ta’minoti (o‘quv-mavzu rejalar, dasturlar) tegishli rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta’lim muassasasi Ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
  1. Qayta tayyorlash jarayonida guruhdagi kurs tinglovchilarining soni, qoidaga ko‘ra, 25 nafardan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.
  1. Qayta tayyorlash kurslaridagi o‘quv mashg‘ulotlari belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va Vazirlik tomonidan tasdiqlangan namunaviy o‘quv rejalar hamda dasturlar asosida tashkil etiladi.
  1. Qayta tayyorlash kurslaridagi o‘quv jarayoni namunaviy o‘quv rejalariga mos ravishda tuzilgan va har biri bir nechta o‘quv fani modullarini o‘z tarkibiga olgan bloklardan iborat blok-modulli ishchi o‘quv rejalari asosida tashkil etiladi. Bloklar va ulardagi modullar soni namunaviy o‘quv rejadagi jami o‘quv soatlaridan kelib chiqib belgilanadi va bunda blokdagi jami soatlar miqdori 36 — 48 soatni tashkil etadi.
  1. Qayta tayyorlash kurslaridagi o‘quv jarayoni amaldagi qoidalarga muvofiq tuziladigan va malaka oshirish ta’limi muassasasi rahbari tomonidan tasdiqlanadigan mashg‘ulotlar jadvali asosida olib boriladi. Auditoriya mashg‘ulotlarining barcha turlari uchun 80 daqiqa davom etadigan dars juftligi belgilanadi.
  1. Qayta tayyorlash kurslaridagi o‘quv mashg‘ulotlari ma’ruza, amaliy mashg‘ulot, laboratoriya ishi, seminar, ishchanlik o‘yini, imitatsiya darsi, tajriba almashish darsi, trening, interfaol mashg‘ulotlar va boshqa shakllarda olib boriladi. Ayrim o‘quv mashg‘ulotlarini ilg‘or ta’lim muassasalari negizida tashkil etish mumkin.
  1. Qayta tayyorlashdan o‘tuvchi xalq ta’limi xodimlari qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan tinglovchilar safiga qabul qilinadi. Qayta tayyorlash kurslari tinglovchilari ta’lim muassasalarida mavjud bo‘lgan barcha o‘quv laboratoriya, axborot resurslari, sog‘lomlashtirish va maishiy xizmat shoxobchalaridan foydalanadilar.
  1. Qayta tayyorlash kursi tinglovchisi kursning o‘quv rejasida ko‘zda tutilgan barcha nazorat turlarida (oraliq, yakuniy) ijobiy natija ko‘rsatsa, kursning o‘quv dasturi to‘liq o‘zlashtirilgan hisoblanadi. Oraliq nazorat topshiriqlarini muvaffaqiyatli bajargan tinglovchi yakuniy nazoratga qo‘yiladi.
  1. Oraliq nazoratlarda yetarli ball to‘play olmagan tinglovchiga ta’lim muassasasi rahbarining ruxsati bilan qayta topshirishga imkoniyat beriladi. Mazkur imkoniyatdan ham foydalana olmagan tinglovchi tinglovchilar safidan chetlashtiriladi.
  1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan yakuniy nazoratni o‘tkazuvchi maxsus komissiya tashkil etiladi. Yakuniy nazorat — qatnashish shaklida o‘tkaziladi hamda yakuniy test sinovlari va malaka ishini himoya qilishdan iborat bo‘ladi.
  1. Oraliq nazorat topshiriqlarini bajarmagan tinglovchilar yakuniy nazoratga qo‘yilmaydi, tegishli ravishda ularga malaka oshirish kurslarini tamomlaganlik to‘g‘risida Davlat namunasidagi hujjat (diplom) berilmaydi.
  1. Qayta tayyorlash kursi dasturini to‘liq o‘zlashtirgan va yakuniy nazoratdan muvafaqqiyatli o‘tgan tinglovchilarga Davlat namunasidagi hujjat (diplom) beriladi.
  1. Qayta tayyorlash kursi ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish yuzasidan qoniqarsiz baho olgan shaxslarga yakuniy attestatsiya komissiyasi xulosalari natijalari bo‘yicha kamida 1 oydan so‘ng yakuniy malakaviy ishni qayta himoya qilish imkoniyati beriladi.
  1. Tinglovchi quyidagi sabablarga ko‘ra tinglovchilar safidan chetlashtirilganda qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim muassasasi tomonidan uning qayta tayyorlash kursida o‘qishi uchun amalga oshirilgan to‘lovi qaytarib berilmaydi:

o‘quv intizomini va ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganligi;

ta’lim dasturlarni o‘zlashtira olmaganligi (nazorat turlarini topshira olmaganligi);

qayta tayyorlash kursidagi dars mashg‘ulotlarini uzrli sabablarsiz 36 soatdan ortiq qoldirganligi;

o‘qitish uchun belgilangan miqdordagi to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganligi.

  1. Tinglovchi quyidagi sabablarga ko‘ra tinglovchilar safidan chetlashtirilganda ta’lim muassasasi tomonidan uning o‘qigan muddati uchun haqiqatda sarflangan xarajatlar chegirilgan holda oldindan amalga oshirilgan to‘lovning qolgan qismi belgilangan tartibda qaytarib beriladi:

o‘z xohishiga binoan;

salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);

tinglovchi sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;

vafot etganligi sababli. 

QAYTA TAYYORLASH VA MALAKA OSHIRISHDA MASOFAVIY TA’LIM SHAKLINI QO‘LLASH

  1. Malaka oshirish va qayta tayyorlashda masofaviy ta’lim shaklini qo‘llash malaka oshirish kurslarining to‘la dasturini va qayta tayyorlash kurslari dasturining muayyan qismini masofaviy ta’limni amalga oshirish vositalaridan foydalanib tashkil etishni nazarda tutadi.
  1. Malaka oshirish va qayta tayyorlashning masofaviy shakli bo‘yicha kurslar Vazirlik bilan kelishgan holda, maxsus virtual kurslar faoliyat ko‘rsatadigan, axborot-kommunikatsiya vositalari yordamida axborotlarni uzatish va qabul qilish uchun zarur baza bilan jihozlangan hamda tegishli moddiy-texnikaviy, o‘quv-metodik bazaga va kadrlar salohiyatiga ega bo‘lgan qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi muassasalari tomonidan tashkil etiladi.
  1. Malaka oshirish va qayta tayyorlashning masofaviy shakli bo‘yicha ta’lim dasturlari Markaziy institut tomonidan ishlab chiqiladi va Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
  1. Malaka oshirish va qayta tayyorlashning masofaviy shakli bo‘yicha kurslarga, qoidaga ko‘ra, yuqori malakali, shuningdek axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini zarur darajada qo‘llash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan xodimlar qabul qilinadi.
  1. Masofaviy shakl bo‘yicha o‘qitish jarayonida tinglovchilar faoliyati, ta’lim jarayonini muvofiqlashtirish va boshqarish, qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi muassasasi professor-o‘qituvchilar tarkibidan ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan biriktiriladigan tyutor (o‘qituvchi-konsultant) tomonidan amalga oshiriladi.

Tinglovchilar bilan doimiy aloqa bog‘lash, tinglovchilarga zarur metodik yordam berish, yakka tartibdagi mashg‘ulotni bajarish yuzasidan nazoratni amalga oshirish va tinglovchilar bilimlarini baholash tyutorning vazifalariga kiradi. Tyutor yakka tartibdagi topshiriqning tinglovchi tomonidan bajarilishi xolisona baholanishi uchun javob beradi.

Tyutor bilan aloqa elektron pochta, telefon va boshqa elektron aloqa vositalari yordamida amalga oshiriladi. Shuningdek tyutor bilan aloqa kontakt-sessiyalar (bevosita yuzma-yuz muloqot) tarzida amalga oshirilishi mumkin (kursning o‘quv rejasida belgilangan muddatlarda).

Har bir tyutorga ko‘pi bilan 25 nafar tinglovchi biriktiriladi.

  1. Masofaviy shakl bo‘yicha o‘qitish tarmoqli texnologiyalardan foydalangan holda masofadan o‘qitishning «keys-texnologiya»sini qo‘llagan holda amalga oshiriladi.
  1. Malaka oshirish va qayta tayyorlashning masofaviy shakli bo‘yicha o‘qitish kurslariga qabul qilingan tinglovchiga malaka oshirish ta’lim muassasasi tomonidan o‘quv-metodik ashyolar (kurs bo‘yicha yo‘riqnoma, o‘quv qo‘llanmalari, yakka tartibdagi topshiriqlar, malakaviy ishlarni bajarish bo‘yicha tavsiyalar, elektron multimediya darsliklar va qo‘llanmalar, shuningdek boshqa zarur o‘quv-metodik materiallar jamlamasi) joylangan kurs keysi beriladi.
  1. Masofaviy shakl bo‘yicha kurs tinglovchilari o‘quv rejalariga muvofiq ta’lim muassasasining veb-sahifalarida (yoki boshqa maxsus veb-resurslarida) joylashtirilgan modullarning o‘quv-metodik materiallarini mustaqil ravishda o‘zlashtiradilar. Jadval bo‘yicha yakka tartibdagi topshiriqlar (test, referat, ishlanma, yozma ish, kurs ishi, amaliyot bo‘yicha hisobotlar va shu kabilar) topshirilgandan keyin modullarni o‘zlashtirish natijalari tyutorga, oraliq test-nazorat natijalari ta’lim muassasasining maxsus komissiyasiga topshiriladi.
  1. Masofaviy shakl bo‘yicha tashkil qilingan kurs tinglovchisi kursning o‘quv rejasida nazarda tutilgan barcha nazorat turlarida (oraliq, yakuniy) ijobiy natija ko‘rsatsa kursning o‘quv dasturi to‘liq o‘zlashtirilgan hisoblanadi. Oraliq nazorat topshiriqlarini muvaffaqiyatli bajargan tinglovchi yakuniy nazoratga qo‘yiladi.
  1. Oraliq nazoratlarda yetarli ball to‘play olmagan tinglovchiga ta’lim muassasasi rahbarining ruxsati bilan qayta topshirishga imkoniyat beriladi. Mazkur imkoniyatdan ham foydalana olmagan tinglovchi tinglovchilar safidan chetlashtiriladi.
  1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan yakuniy nazoratni o‘tkazuvchi maxsus komissiya tashkil etiladi. Yakuniy nazorat — qatnashish shaklida o‘tkaziladi hamda yakuniy test sinovlari va malaka ishini himoya qilishdan iborat bo‘ladi.
  1. Oraliq nazorat topshiriqlarini bajarmagan tinglovchilar yakuniy nazoratga qo‘yilmaydi, tegishli ravishda ularga malaka oshirish kurslarini tamomlaganlik to‘g‘risida Davlat namunasidagi hujjat (sertifikat, diplom) berilmaydi.
  1. Masofaviy shakl bo‘yicha tashkil qilingan kurs dasturini to‘liq o‘zlashtirgan va yakuniy nazoratdan muvafaqqiyatli o‘tgan tinglovchilarga Davlat namunasidagi hujjat (sertifikat, diplom) beriladi.
  1. Masofaviy shakl bo‘yicha tashkil qilingan kurs tinglovchisi quyidagi sabablarga ko‘ra tinglovchilar safidan chetlashtiriladi:

malaka oshirish kursidagi dars mashg‘ulotlari va tegishli topshiriqlarni belgilangan muddatlarda o‘zlashtirmaganligi va bajarmaganligi;

salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);

tinglovchi sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;

vafot etganligi sababli.

  1. Tinglovchi kursdan chetlatilganda unga sabablari ko‘rsatilgan holda ma’lumotnoma beriladi, shuningdek bu haqda uni malaka oshirishga yuborgan buyurtmachi tashkilotga malaka oshirish ta’lim muassasasi tomonidan ma’lum qilinadi.

 XII. XALQ TA’LIMI XODIMLARINI QAYTA TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISSIFATINI BAHOLASH VA NAZORAT QILISH

  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

Vazirlik tomonidan tasdiqlangan nizom asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim muassasasi tomonidan amalga oshiriladigan ichki nazorat (kirish testi orqali dastlabki nazorat, o‘qitilayotgan fan modullari bo‘yicha oraliq nazorat va boshqalar);

kursning o‘quv rejasidagi o‘quv modullari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazishni (chiqish testi), malaka oshirish kursi tinglovchilari uchun — malaka ishi hamda qayta tayyorlash kurslari tinglovchilari uchun — bitiruv ishi himoyasini o‘z ichiga oladigan yakuniy nazorat;

Vazirlik va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan attestatsiya va tezkor diagnostika shaklida amalga oshiriladigan tashqi nazorat. 

XIII. QAYTA TAYYORLASH VA MALAKA OSHIRISKURSLARINI TAMOMLAGANLIK TO‘G‘RISIDA DAVLAT NAMUNASIDAGI HUJJATLAR

  1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha ta’lim dasturlari talablarini muvaffaqiyatli bajargan xalq ta’limi xodimlariga tegishli ravishda davlat namunasidagi quyidagi hujjatlar beriladi:

malaka oshirish to‘g‘risidagi sertifikat — kamida 4 hafta (144 soat) hajmida ta’lim dasturlaridan o‘tgan pedagog va kamida 3 hafta (144 soat) hajmida ta’lim dasturlaridan muvafaqqiyatli o‘tgan rahbar kadrlar uchun;

qayta tayyorlash to‘g‘risidagi diplom — rahbar va pedagog kadrlar uchun kamida 16 hafta (576 soat) hajmida ta’lim dasturlaridan muvafaqqiyatli o‘tgandan so‘ng, yakuniy attestatsiya natijasiga ko‘ra beriladi.

Yakuniy attestatsiya natijasida o‘qitish dasturini o‘zlashtirish yuzasidan qoniqarsiz baho olgan tinglovchilarga o‘quv kursini tamomlaganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma beriladi.

Qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv dasturini o‘zlashtirganlik to‘g‘risidagi diplom va sertifikat belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.

  1. Xalq ta’limi muassasalari xodimlarining malaka toifalarini olishi (o‘zgartirishi) va egallab turgan lavozimlariga mosligini attestatsiyadan o‘tkazishda ular qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan o‘tganligi to‘g‘risidagi hujjatning (diplom, sertifikat) mavjudligi shart hisoblanadi. 

XIV. XALQ TA’LIMI XODIMLARINI QAYTA TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISHGA IXTISOSLASHGAN TA’LIM MUASSASALARINING PROFESSOR-O‘QITUVCHILARI TARKIBI

  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashgan ta’lim muassasalarida dars mashg‘ulotlarini olib borishga mazkur ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlarining yetakchi mutaxassislari, shuningdek boshqa ta’lim muassasalarining pedagog kadrlari shtatli asosda, o‘rindoshlik bo‘yicha va mehnatga soatbay haq to‘lash shartlarida jalb etiladilar.
  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va tinglovchilari sonining bir nafar o‘qituvchi hisobiga nisbatining cheklangan normativlari ta’limning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida belgilangan bir nafar o‘qituvchi hisobiga talabalar soni nisbatining cheklangan normativlaridan 25 foiz past etib belgilanadi.
  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilar tarkibiga quyidagi talablar qo‘yiladi:

qayta tayyorlash va malaka oshirishga qo‘yiladigan Davlat talablari asosida tinglovchilar bilan o‘quv-tarbiya ishlarini olib borish, nazorat va tinglovchilar bilimlarini xolisona baholash ko‘nikmalarining mavjudligi;

yuksak shaxsiy sifatlarning (talabchanlik, xolisonalik, batartiblik, haqqoniylik, xushmuomalalik) mavjudligi;

ta’lim berishda (o‘qitishda) kasbiy mahorat va eruditsiyaning mavjudligi;

xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning ilmiy-pedagogik asoslarini, pedagogika fanining asosiy yo‘nalishlarini, fanlararo aloqalarni, ritorika va notiqlik mahorati asoslarini, uzluksiz ta’lim atamalari va tushunchalarini, shuningdek qayta tayyorlash va malaka oshirishga qo‘yiladigan Davlat talablarini bilish;

ta’lim jarayonining yuqori samaradorligini ta’minlash, tinglovchilarning tashabbuskorligini, ijodiy mahoratini, ularning ilmiy tadqiqotlarga intilishlari va qobiliyatlarini rivojlantirish ko‘nikmalarining mavjudligi;

xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayoni mazmunini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot hamda o‘quv-metodik ishlarni olib borish ko‘nikmasi mavjudligi.

  1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini o‘tkazish uchun jalb etiladigan professor-o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 

XALQ TA’LIMI XODIMLARINI QAYTA TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISHNI MOLIYALASHTIRISH

  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish muassasalari faoliyatini moliyalashtirish quyidagilar hisobiga amalga oshiriladi:

xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish muassasalarini joriy ta’minlashga hamda tasdiqlangan yillik rejalarga muvofiq xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari;

ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, ilmiy-pedagogik, ishlab chiqarish va boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun maqsadli badallari;

xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun jalb etiladigan grantlar va xorijiy kreditlar mablag‘lari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta’lim muassasalariga ishdan ajralgan holda o‘qishga yuborilgan tinglovchilarning o‘qishi davrida asosiy ish joyi bo‘yicha lavozimi va o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.

Ishdan ajralgan holda xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish ta’lim muassasalariga o‘qish uchun boshqa joylardan yuborilgan tinglovchilarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘qishga borish va undan qaytish bo‘yicha bir martalik yo‘l haqi xarajatlari ularni yuborgan tomon hisobidan qoplanadi.

  1. Shartnoma asosida qayta tayyorlash kurslari uchun o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash tamoyillari asosida sarf-xarajatlar smetasi qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim muassasasi tomonidan tuziladi va uning rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

Smetada kursning o‘quv dasturi va rejasida nazarda tutilgan barcha dars mashg‘ulotlari uchun to‘lanadigan soatbay haq, kursning moddiy-texnika ta’minoti, kursni tashkil etish va o‘tkazishga jalb etilgan (rahbar, pedagog va texnik) xodimlarga to‘lanadigan ish haqi, ularni rag‘batlantirish, shuningdek to‘lanadigan soliqlar uchun mablag‘lar nazarda tutiladi. Bunda qayta tayyorlash kurslarida o‘qish uchun tinglovchi tomonidan to‘lanadigan mablag‘ mazkur kurslarni o‘tkazish uchun sarflanadigan xarajatlar hajmidan kelib chiqqan holda (smetadagi jami xarajatlarni tinglovchilar soniga bo‘lish orqali) hisoblab chiqiladi. 

XVI. XALQ TA’LIMI XODIMLARINI QAYTA TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISH TIZIMIDA TA’LIM JARAYONI MAZMUNI VA SIFATIGA QO‘YILADIGAN TALABLAR

  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida ta’lim jarayonining mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan Davlat talablari «Ta’lim to‘g‘risida» va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq belgilanadi va ularda ta’lim jarayonini tashkil etishni, uning mazmunini, metodik ta’minlashni, sifat va samaradorligini oshirishni takomillashtirishga doir talablar qo‘yiladi.
  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning mazmuni hamda sifatiga qo‘yiladigan Davlat talablari belgilangan tartibda Vazirlik tomonidan ishlab chiqiladi.

Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv rejasi va o‘quv dasturi yetakchi olimlar, mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar tarkibi tomonidan tuziladi va ta’lim jarayonini metodik ta’minlashning ajralmas qismi hisoblanadi.

Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida o‘quv dasturi mazmuniga qo‘yiladigan talablar mutaxassislik bo‘yicha zarur hamda yetarlicha bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish hisobga olingan holda mutaxassislarning malaka tavsiflariga qat’iy muvofiqlik tamoyillari asosida belgilanadi.

  1. O‘quv dasturi fan, texnika, texnologiyaning so‘nggi yutuqlariga muvofiq tashkil etilishi hamda xalq ta’limi tizimida uzviylik va uzluksizlikni ta’minlash talablariga mos kelishi kerak.

O‘quv dasturida ta’lim oluvchilar tomonidan bilimlarni mustaqil izlash va ularni o‘zlashtirish nazarda tutilishi lozim.

O‘quv rejalari va dasturlarini tuzish, ekspertizadan o‘tkazish, tasdiqlash, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini ta’lim jarayoniga joriy etish tartibi Vazirlik tomonidan belgilanadi. 

XVII. YAKUNLOVCHI QOIDA

  1. Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish va davlat tomonidan akkreditatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkaziladi.

«O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami»,

2014 yil 25 avgust, 34-son, 433-modda

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*