Chavandozlarimiz g‘olib

Chavandozlarimiz g‘olibToshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Allyur” ot sporti klubida ot sporti bo‘yicha jahon kubogining Markaziy Osiyo ligasi birinchi saralash bosqichi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalqaro ot sporti federatsiyasi hamda mamlakatimiz ot sporti federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan jami 30 dan ortiq mohir chavandoz g‘oliblik uchun bahslashdi.

Musobaqaning dastlabki kunida shaxsiy bellashuv va ikki bosqichli bahslarda chavandozlarimiz muvafaqqiyatli qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallagani haqida avval xabar bergan edik.

Jahon kubogi saralash bosqichi – Gran-pri bahslari yanada qiziqarli va murosasiz kechdi. Eng kuchli sportchilar ishtirok etgan bahsda yosh chavandozimiz Nurjon Tuyaqboyev “King Kornet L” laqabli otida 150 santimetr balandlikdagi to‘siqlardan ot sakratishda 88,9 soniya natija qayd etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Qirg‘izistonlik Komil Sobitov “Charlize” laqabli oti bilan ikkinchi, yana bir chavandozimiz G‘ayrat Nazarov “Kuattro Junior” laqabli oti bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

Musobaqa doirasida o‘tkazilgan an’anaviy “Millatlar kubogi” jamoaviy bahslarida Feruz Abdullayev, Nurjon Tuyaqboyev, Oqil Sobirjonov va G‘ayrat Nazarovdan iborat terma jamoamiz bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, turli balandlikdagi to‘siqlardan ot sakratishda Abdushukur Sobirjonov, Umid Komilov, Oqil Sobirjonov g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

 

I.Avvalboyev, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA

Muallif Abbos Mirzo

Abbos Mirzo
Sayt haqida fikr va mulohazalaringizni qayta aloqa formasi orqali kutib qolamiz!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*