SO’X TUMANI O’QITUVCHILARIGA YANA BIR QULAYLIK YARATIB BERILDI

Respublikamizda maktab ta’limiga bo’lgan e’tibor doirasida o’qituvchilar mehnatini munosib rag’batlantirish va ularga zaruriy sharoitlar yaratib berish bo’yicha ham keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Birgina chekka hududlarda yashab, faoliyat olib borayotgan soha xodimlariga ham qaratilayotgan e’tibor e’tirof etishga loyiq. Ilgari So’x tumani o’qituvchi va muallimlari malaka oshirish kurslariga viloyatimiz markaziga borishlariga to’g’ri kelardi va bu qo’shimcha sarf-xarajat ham deganidir. Ushbu muammo ham tizimli hal etilayotir.
So’x tumani xalq ta’limi bo’limi mudiri Behro’zjon Husaynovning ma’lumotiga ko’ra, bu yili o’qituvchilarning malaka oshirish kurslari bildirilgan tashabbus va qilingan sa’y-harakatlar tufayli tumanning o’zida tashkil etiladigan bo’ldi.
– Viloyat malaka oshirish hududiy markazi direktori Feruza Askerovna tomonidan biz bildirgan tashabbus qo’llab-quvvatlandi va ushbu hamkorlik samarasi o’laroq, So’x tumanida pedagog xodimlarni malakalarini oshirish uchun ko’chma kurslar tashkil etildi. Mazkur ilmiy tadbir jarayoniga viloyat malaka oshirish hududiy markazi tomonidan 23 nafar professor-o’qituvchilar jalb etildi, – deydi Behro’z Husaynov biz bilan suhbatda.
Kurslarga jalb etilgan o’qituvchilar 7 kun davomida 713 nafar tuman o’qituvchilariga tasdiqlangan reja asosida mashg’ulotlar o’tkazishadi. Malaka oshirish kurslari jarayoni viloyat malaka oshirish hududiy markazi o’quv bo’limi boshlig’i Zikrillo Teshaboyev va bevosita tuman XTB rahbariyati tomonidan qatiq nazoratga olingan.
O’quv kurslarining birinchi kuni tuman o’qituvchilari bilan uchrashuv tashkil etildi va davra suhbat shaklida o’tgan uchrashuvda ishtirokchilarga mazkur ko’chma kurslarning mazmun-mohiyati va tartib-qoidalari tushuntirildi.
Ma’lumot uchun: mazkur malaka oshirish kurslari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 3 fevraldagi “Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi F-22-sonli farmoyishi hamda Farg’ona viloyat hokimining 2022 yil 14 fevraldagi 39-11-0-F/22-sonli farmoyishi ijrosini ta’minlash, shuningdek sohaga doir yangi tashabuslarni ilgari surish va ularni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarni amalga oshirish maqsadida tumanda o’tkaziladi.

So’x tumani hokimligi Axborot xizmati

Farg’ona viloyati Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi Axborot xizmati.
Telegram (https://t.me/fargona_mohm)| YouTube (https://www.youtube.com/channel/UCyHw2tn0ib_fTYoRS1DE2mg)|WebSite (https://fargonamoi.uz/)|Facebook (https://www.facebook.com/fargonamalaka)

Muallif Abbos Mirzo

Sayt haqida fikr va mulohazalaringizni qayta aloqa formasi orqali kutib qolamiz!

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*