Yurtimizda kutilmaganda ro‘y bergan anomal ob-havo ta’siri ko‘p jabhalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan qishki ta’tillar bir oz cho‘zilgandek bo‘ldi. Har ish o‘z o‘rnida bo‘lgani ma’qul, lekin hikmatli xalqimizda “Ezgulikning erta-kechi yo‘q”, degan naql bor.
Bugun Farg‘ona viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar tomonidan 14-yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan o‘tkazilmay qolgan tadbir tashkillandi. Boshqa kunlardan farqli ravishda ertalab pedagogik markazda mehnat qilayotgan barcha yigitlar ayollar tomonidan musiqa va qarsaklar sadosi bilan kutib olindi.
Tadbirda so‘z olgan markaz xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti rahbari Hadiqaxon Hoshimova, kasaba uyushmasi raisi Gulchehraxon Sharobutdinova, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Zarifaxon Mamatqulova va filalogiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Umida Nosirova barchani O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan qizg‘in tabriklashdi.
Tadbir so‘ngida Pedagogik markazning O‘quv jarayonini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Z.Teshaboyev tadbir tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Yana bir e’tibor sifatida ayollar tomonidan tayyorlangan sovg‘alar taqdim qilindi.
Ertalabki tadbir barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.