2023-yil 21-fevral kuni Farg‘ona viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi katta o‘qituvchilari X.Xamrakulov va D.Mamatov tomonidan viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabida tuman, shahar “Barkamol avlod” bolalar maktablari direktorlari uchun “Barkamol avlod” bolalar maktablari to‘garak tahbarlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish masalalari” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
O‘quv seminarini viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori Z.Yuldashev kirish so‘zi bilan ochdi va so‘zni Pedagogika markazi “Pedagogika va psixologiya, ta’lim texnologiyalari” kafedrasi katta o‘qituvchisi X.Xamrakulovga berdi.
X.Xamrakulov seminar ishtirokchilarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-yanvardagi “Xalq ta’limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4963-son qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-yanvardagi “Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 25-son qarori mazmun-mohiyati bilan tanishtirdi. U o‘z so‘zida Prezidentning mazkur qaroriga asosan 2021-yilda tajriba-sinov tariqasida xalq ta’limi tizimidagi rahbar kadrlar va metodistlar uchun uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslari tashkil qilinganligini ta’kidladi.
Shuningdek, u ishtirokchilarni Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning mazmun-mohiyati bilan tanishtirib, mazkur nizomda quyidagilar nazarda tutilganligini uqtirib o‘tdi:
xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimining tuzilmasi;
xalq ta’limi tizimidagi rahbar, pedagog va mutaxassis xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayoniga tinglovchining alohida o‘quv modullari bo‘yicha o‘qishi va ballarda ifodalanadigan o‘zlashtirishini o‘z ichiga olgan ta’limning kredit-modul tizimini joriy qilish tartibi;
xalq ta’limi xodimlarining shaxsiy kasbiy salohiyatining individual va jamiyat ehtiyojlariga mos ravishda hayot davomida o‘sishi jarayonini qamrab olgan “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasi orqali kompetentlik darajasini oshirish va kasbiy mahoratini takomillashtirish mexanizmi;
uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimida tinglovchilarning an’anaviy malaka oshirish bilan bir qatorda kasbiy o‘qitishning uyg‘unlashgan, ish jarayoni bilan birgalikda olib boriladigan, masofaviy va boshqa turlarini joriy etish tartibi;
xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish kursi bitiruvchisining qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha umumiy bilim va kasb tayyorgarligi darajasiga qo‘yiladigan talablar;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladigan uzluksiz kasbiy ta’limning sifatini baholash va nazorat qilish tartibi;
xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanadigan ixtisoslashgan ta’lim tashkilotlari reyestrini yuritish tartibi.
Bundan tashqari u xodimlarning har yili belgilangan davomiylikdagi malaka oshirish dasturlarini o‘zlashtirishi va belgilangan hajmdagi kredit ballarini yig‘ishlari majburiy hisoblanishi, xodimlar malakasini oshirishning har yilgi umumiy davomiyligi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlari uchun kamida 30 soat, pedagog xodimlar uchun kamida 36 soat etib belgilanganligini ta’kidlab, hududdagi ta’lim muassasalari pedagog xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish bo‘yicha buyurtmalar va ular asosida navbatdagi kalendar yil uchun tegishli (kurslar, o‘quvlar, seminarlar, konferensiyalar va boshqa) tadbirlar rejasini shakllantirish tartibi haqida so‘zlab berdi.
Shundan so‘ng “Amaliy fanlar va axborot texnologiyalari” kafedrasi dotsenti D.Mamatov so‘zga chiqib, 2022-yildan boshlab Pedagogika markazida “Barkamol avlod” bolalar maktablari to‘garak tahbarlari uchun uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslari tashkil etilayotganligi, bu kurslarga to‘garak tahbarlarini jalb qilish rejalari haqida o‘quv seminari ishtirokchilariga ma’lumotlar berdi. Shuningdek, u ishtirokchilarni “Barkamol avlod” bolalar maktablari to‘garak tahbarlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslarida o‘quv jarayonining tashkil etilishi, tinglovchilarning huquq va majburiyatlari bilan tanishtirdi.
Seminar davomida Pedagogika markazi mutaxassislari ishtirokchilarning “Barkamol avlod” bolalar maktablari to‘garak tahbarlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish masalari bilan bog‘liq va boshqa ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdilar.
“Pedagogika va psixologiya, ta’lim texnologiyalari” kafedrasi katta o‘qituvchisi X.Xamrakulov,
“Amaliy fanlar va axborot texnologiyalari” kafedrasi dotsenti D.Mamatov